Saksovulzorlar muvozanati
Foto: "Xalq so'zi"
Sayyoramizdagi har bir jonzot va har bir giyohning oʻz oʻrni bor. Tabiat ular miqdorini shu darajada mukammal belgilaganki, zarracha ogʻish bir qator tashvishlarni tugʻdiradi. Bir soʻz bilan aytganda, mutanosiblik koʻzimizga koʻrinayotgan va koʻrinmayotgan barcha moddiyatga, jumladan, sahroi biyobonlarga ham zarur.
Qizilqum biyobonlari Navoiy viloyati hududida sakkiz million gektardan oshiq maydonni tashkil etadi. Choʻlning injiq tabiati zabtiga sanoqli turdagi jonivor va giyohlargina dosh bera oladi. Shularning ichida saksovul eng chidamlisi hisoblanib, sahro yozining jaziramasiyu qish chillasining rutubati unga kor emas. Boisi saksovullarda suvtalab barglar deyarli yoʻq — bu vazifani uning bir yillik novdalari oʻtaydi.
— Aynan shu novdalar yordamida bir gektar maydondagi saksovul bir oy mobaynida 70 kub metr kislorod ishlab chiqarish qudratiga ega, — deydi viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Egamqulov. — Shuningdek, uning namlikkacha yetgan ildizlari orqali tegrasidagi ikki kvadrat metr atrofida mavsumiy giyohlar oziqlanadi.
Saksovulni oʻziga xos biolaboratoriyaga ham qiyoslash mumkin. Uning tanasida jon saqlab koʻpaygan trixogrammalar choʻlni bir qator zararli hashoratlardan tozalaydi.
— Eng muhimi, saksovul kuchli shamolda qum koʻchishlarini susaytirib, madaniy hudud va adirliklarni uning toʻfonidan asraydi, — deydi B. Egamqulov. — Shuningdek, saksovul choʻl sharoitida mol ozuqasi ham hisoblanadi. U bahor paytida koʻklaydi, kuzga borib don soladi.Keyin oktyabr oylarida donni toʻkkan paytlarida yaylovdagi qoʻy-qoʻzilarimiz shu donni yeb oʻzlarini qish oldidan tiklab oladi.
Xullas, ana shunday beqiyos xususiyatlarga ega oʻsimlikni asrab-avaylash va koʻpaytirishni hayotning oʻzi taqozo etadi. Shu boisdan bu yumushga davlat miqyosida eʼtibor qaratilib, Navoiyda ham viloyat oʻrmon xoʻjaliklari oldiga ham bir qator masʼuliyatli vazifalar qoʻyilgan.
— Vazirlar Maxkamasining 2020-yil 24-noyabrdagi “Respublika hududlarida oʻrmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2021-yilda viloyat boʻyicha jami 63 075 gektar yer maydonida, shundan 61 ming gektari Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududida yangidan oʻrmon barpo qilish vazifasi belgilangan edi, — deydi viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi oʻrmon kadastrining yetakchi mutaxassisi Asqar Asadov. — Amalda joriy yil bahor mavsumida jami 44 016 gektarga, jumladan, 43 ming gektarga choʻl oʻsimliyelaridan saksovul, cherkez, qandim ekildi. Shuningdek, 920 gektarga yongʻoq mevali (pista, bodom), 57 gektarga terak, pavlovniya va boshqa turdagi daraxtlardan iborat oʻrmon barpo qilish ishlari bajarildi. Hozirgi kunda Tomdi, Konimex va Uchquduq davlat oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan choʻl oʻsimliklari urugʻlari yigʻilib, yerni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Endi saksovulzorlarni asrash va qoʻriqlash bilan bogʻliq ayrim mulohazalar. Maʼlumki, saksovulning yana bir muhim xususiyati shuki, u yoqilganda kuchli issiqlik beradi. Choʻgʻining soʻnmasligi jihatidan u koʻmirgagina oʻrin berib, shu tufayli har doim saksovulzorlarga tabiiy omillardan koʻra insonlar tomonidan koʻproq ziyon yetmoqda. Joriy yilda ham viloyat boʻyicha bir necha oʻnlab holatda mutasaddi idoralar tomonidan saksovullarni oʻtin uchun noqonuniy olib ketish holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi.
Albatta, bu taʼsir choralari oʻz kuchini koʻrsatadi. Biroq saksovulzorlar kamayib borayotgani bilan bogʻliq oqibatlarga navoiyliklar ham shu kecha-kunduzda guvoh boʻlmoqda, desak yanglishmaymiz. Zero, atrof-muhit muvozanatiga yetkazilgan zarar bashorat qilib boʻlmas darajadagi noxushliklarga olib kelishi mumkin.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring