“Saxovat karvoni”dan Ramazon hadyalari

16:06 18 Aprel 2022 Jamiyat
830 0

Foto: Халқ сўзи

Namangan viloyat hokimi tashabbusi bilan muborak Ramazon oyining har jumasi “Mehr-saxovat kuni” deb eʼlon qilindi. Shu kuni barcha tumanlarda yakka-yolgʻiz, yordamga muhtojlar holidan xabar olish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

Saxovatli tadbirkorlar koʻmagidagi muruvvat karvoni birinchilardan boʻlib Toʻraqoʻrgʻon tumanida yoʻlga chiqdi.

Muborak oy sharofati bilan amalga oshirilayotgan xayrli tadbirlar yuzlab xonadonlarning ehtiyojini taʼminlash, daromadlarini oshirishda amaliy koʻmak boʻlmoqda. Ayniqsa, joylarda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari xatlov jarayonida oʻz mahallalarida aniqlangan muammolarga maʼlum maʼnoda yechim topilganidan xursand. Xususan, Toʻraqoʻrgʻon tumanida 75 xonadonga jami 168 million soʻmlik miqdorda oziq-ovqat, 41 nafar fuqaroga oilaviy daromadni oshirish uchun sigir-buzoq, qoʻy, tikuv mashinasi, sartaroshlik anjomlari, pech, inkubatoriy, hatto ijaraga berib pul topishga xizmat qiladigan qozon-oʻchoq ham tarqatildi.

Oʻrda mahallasida yashovchi Sodiqjon Madrahimov qoʻli gul usta edi. 4 nafar farzandning otasi baxtsiz hodisa tufayli toʻshakka mixlanib qoldi. Farzandlar tarbiyasiyu uy yumushlari turmush oʻrtogʻi Gulmiraning yelkasiga tushdi. Hokim yordamchisi ehtiyojmand oilaga qoramol zarurligini tuman hokimiga taklif sifatida yozgandi. Endi bu xonadonga topshirilgan sigirning sut-qatigʻi oilaga moddiy koʻmak va darmon boʻladi.

Shuningdek, Pop tumanida amalga oshirilgan shunday savobli ishda 240 ta nogironligi boʻlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, yana 77 xonadon sohibiga oʻzini oʻzi band qilish maqsadida turli maishiy texnikalar tuman “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hamda homiylarning Ramazon tuhfasi sifatida taqdim etildi.

Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq bunday ezgu harakat viloyatning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер