Saylovoldi targʻibot-tashviqot ishlarida OAVning oʻrni
Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi Namangan viloyat hududiy komissiyasida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar vakillari uchun muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlikning borishi haqida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda komissiya raisi Sobitxon Turgʻunov 27-oktyabr sanasida boʻlib oʻtadigan saylov, uning yangilangan saylov qonunchiligi asosida oʻtkazilishi, milliy qonunchiligimiz xalqaro umumeʼtirof etilgan tamoyillar, xalqimizning fikrlari, takliflari asosida takomillashtirilgani hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uygʻunlashtirilgani haqida soʻz yuritdi.
Aytish lozimki, ayni paytda Namangan viloyatida ham saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Viloyat hududida 837 ta saylov uchastkalari tuzildi. Ularning 659 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida, 64 tasi kollej, kasb-hunar maktabi, litsey va texnikumlarda, 25 tasi mahalla fuqarolar yigʻini binolarida, 43 tasi madaniyat va sport markazlarida hamda qolganlari boshqa muassasalarda joylashgan. Anjuman ishtirokchilariga saylov uchastkalari komissiya aʼzolari umumiy soni, sifat tarkibi haqida ham maʼlumot berildi.

Hududiy komissiya raisi shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Saylov kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgani toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, xalqimizning konstitutsion huquqini emin-erkin amalga oshirishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib, saylovchilarning oʻzgalar parvarishiga muhtoj, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan qatlamiga ovoz berishni tashkil qilish uchun zarur qulayliklarni hozirlash belgilanganini taʼkidladi. Uchastka saylov komissiyalari tomonidan ayni paytda ushbu toifaga kiruvchi oʻn mingdan ziyod saylovchining toifalarga ajratilgan holda roʻyxati shakllantirilib, ularga transport xizmati va boshqa masalalarda koʻmak berishning aniq chora-tadbirlari, tegishli masʼullar belgilab qoʻyildi.
— Yana bir yangilik, E-saylov elektron tizimining toʻliq ishga tushirilishi siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari tezkorligi va shaffofligini taʼminlashning muhim omillaridan biriga aylandi, — dedi S. Turgʻunov jurnalist va blogerlarga. — Bu imkoniyat nafaqat uchastka saylov komissiyalari ishini yengillashtirib qolmasdan oddiy fuqarolar xabardorligini taʼminlashda ham samarali vosita vazifasini bajarmoqda.
Matbuot anjumanida saylovoldi tashviqoti va boshqa masalalar yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring