Saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi

12:11 25 Oktyabr 2024 Jamiyat
203 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga Samarqand viloyatida hozirlik ishlari yakunlanib, 1130 ta saylov uchastkasi shay holatga keltirildi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, bu yilgi saylovda viloyat boʻyicha 2 million 156 ming nafardan ortiq saylovchi roʻyxatga kiritilgan va ular saylov uchastkasiga borib, oʻz xohish-irodasini erkin bayon etishi uchun zarur sharoit yaratilgan.

— Tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 410 ta, viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta va Qonunchilik palatasi uchun 8 ta saylov okrugi tuzilgan, — deydi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Sanjar Nazarov. — Viloyat boʻyicha barcha saylov uchastkalari saylovga doir zarur jihoz va texnik vositalar, qonun hujjatlari toʻplamlari, deputatlikka nomzodlar plakatlari bilan toʻliq taʼminlangan. Saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan 16-23-oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish jarayoni amalga oshirildi. Viloyat boʻyicha 181 ming 926 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.

— Samarqand shahridagi Mingtut mahallasida joylashgan 89-saylov uchastkasi qonunchilikda belgilangan talablar asosida jihozlangan. Uchastka saylov komissiyasi uchun ajratilgan xonalar zarur texnika vositalari — kompyuter jamlanmalari, telefon, nusxa koʻchirish apparati va tegishli adabiyotlar, uchastka joyi esa saylov qonunchiligiga oid maʼlumotlar, saylovchilar huquq va majburiyatlari toʻgʻrisidagi targʻibot vositalari bilan taʼminlangan. Kirish yoʻlaklariga maxsus panduslar oʻrnatildi. Ovoz berish kabinalari, statsionar va koʻchma saylov qutilari shay holatga keltirildi, — deydi mazkur saylov uchastkasi kotibi Gavhar Abduvohidova. — Saylov uchastkasida jami 1039 nafar fuqaro ovoz berishi koʻzda tutilgan. Shundan birinchi marta saylovda ishtirok etayotganlar 13 nafarni, imkoniyati cheklangan saylovchilar 7 nafarni tashkil etadi. Mahalla fuqarolar yigʻini xodimlari bilan birgalikda saylovchilarga taklifnomalarni tarqatdik va ularni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdik. 107 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, bu yilgi saylov jarayonlarini yoritish uchun 86 ta mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilib, ularga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ruxsatnoma berilgan.

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazida akkreditatsiyadan oʻtgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini yoritish yuzasidan jurnalistlarning huquq va majburiyatlari haqida soʻz yuritildi.

Hududiy matbuot markazi va viloyat adliya boshqarmasi masʼullari bu borada OAV vakillariga zarur maʼlumot va tushunchalar berdi.

Seminar davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga viloyat hududiy saylov komissiyasi masʼullari va mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер