Saylov yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzildi
Markaziy saylov komissiyasida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlariga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi. Unda joriy yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan saylov natijalari toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu siyosiy jarayonda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 million nafardan ziyodi yoki 79,88 foizi xohish-irodasini erkin ifoda etib, oʻzi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.
Majlisda Prezident saylovi yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulugʻbek Ilyosovich Inoyatovga 4,02 foizi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilganligi bayonnomada aks ettirildi.
Bundan tashqari, majlisda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring