Saylov qonunchiligidagi huquqiy boʻshliqlar bartaraf etiladi

16:05 02 May 2023 Siyosat
1033 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtmoqda.

Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi koʻrib chiqilyapti.

Muhokamalarda taʼkidlanganidek, loyiha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar boʻyicha saylov qonunchiligidagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Xususan, loyiha bilan har yillik mahalliy budjetlarda boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda.

Deputatlar tomonidan qonunchilikka taklif etilayotgan ushbu oʻzgarishlar mamlakatimizda vakillik organlari faoliyatining samarali tashkil etishga xizmat qilishi, fuqarolarning oʻz vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratishi taʼkidlandi.

Loyiha bilan taklif etilayotgan yana bir muhim yangilik bu – yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka muomalaga layoqatsiz shaxslar, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Deputatlar loyiha bilan fuqarolarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha huquqiy kafolatlar yanada kuchaytirilayotganligini ham qayd etdilar.

Majlisda loyiha fuqarolar yigʻinlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. Xususan, loyihada fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolar yigʻini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda.

Loyiha bilan saylov qonunchiligidagi oʻzaro nomuvofiqliklar ham bartaraf etilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, turli organlarga takroriy saylovlarni oʻtkazish asoslari va tartibi oʻzaro muvofiqlashtirilmoqda, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilab qoʻyilmoqda.

Muhokamalarda loyihada boʻshab qolgan oʻrinlarga hamda yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazish tartibi bilan bogʻliq ayrim huquqiy boʻshliqlar ham bartaraf etilayotganligi qayd etildi.

Xususan, deputatlar bunday saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi haqidagi normalar saylovlarda qonuniylik va xolislikni taʼminlashini taʼkidlab oʻtdilar.

Deputatlar loyiha saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yigʻinlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Majlisda deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi qabul qilinib, maʼqullash uchun Oliy Majlis Senatiga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер