Saylov kodeksiga qanday oʻzgartirishlar kiritilmoqda?

14:21 27 Yanvar 2021 Siyosat
1352 0

Saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yurtimizda milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga katta eʼtibor qaratilayotir.

Lekin hozirgi davr mamlakatlar va xalqlar oldiga kutilmagan vazifalar, dolzarb muammolar qoʻymoqdaki, bularning barchasi milliy saylov qonunchiligini ham muntazam takomillashtirib borishni taqozo etadi. Bu jarayonda ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish lozim boʻladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ayni shunday muhim hujjatlardan biridir.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida»gi konstitutsiyaviy qonun, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonun va Saylov kodekslariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgarishlar saylov jarayonining demokratik prinsip asosida oʻtkazishga qaratilgan boʻlsa, Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunga kiritilayotgan oʻzgarishlar esa siyosiy partiyalarning saylovlardagi faoliyatini moliyalashtirishga qaratilgan. Maqsad bitta – saylovlar jarayonini ochiqligi va shaffofligini taʼminlashdan iborat.

Qonun loyihasida shuningdek, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirilib, parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilanmoqda.

Hammamiz yaxshi bilamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi. Lekin dekabr oyi qish mavsumiga toʻgʻri kelishi sababli saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovli oʻtkazish va unda saylovchilarni jalb etishda qator noqulayliklar kelib chiqishi mumkin.

Shu jihatdan, qonun loyihasida saylovlarni oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazish taklif etilmoqda. Bu esa fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olish bilan bir qatorda, kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoitlar vujudga kelishiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, saylovning oktyabr oyida oʻtkazilishi Oʻzbekistonning dunyoga yuz tutayotgani, xalqaro ekspertlarni saylovlarda ishtirokini taʼminlashga keng yoʻl ochayotganining yaqqol ifodasidir.

Bir soʻz bilan aytganda, saylovlar demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi hisoblanadi. Bu borada mazkur hujjatning qabul qilinishi saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilishga zamin yaratishiga aminman.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik  palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер