“Safarim davomida Bobur kamol topgan qadimiy Axsikentga ham boraman” —hindistonlik Malika Narang

18:00 09 Iyun 2023 Jamiyat
648 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Namanganda salkam uch haftadan buyon davom etayotgan nafosat bayrami – 62-Xalqaro gullar festivali tobora koʻproq mehmonlarni qarshi olmoqda. Buni hozirga qadar bu yerga tashrif buyurganlar soni 4 million kishidan ortganida koʻrish mumkin. Ular orasida havaskor gul shaydolaridan tortib, davlat muassasalari xodimlari, turli kasb egalari, xonadon bekalari, mehnat faxriylarigacha bor. Xorijiy sayyohlar ham anchagina. Kecha Hindistonning Agra shahrida istiqomat qiluvchi ijtimoiy tarmoq faoli Malika Narang ham dunyoga ovoza boʻlgan anjumanni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun Namangan shahriga keldi.

—Oʻzbekistonga, goʻzal Namanganga kelganimdan baxtiyorman, —deydi oʻzbek madaniyati va sanʼatining ashaddiy ixlosmandi Narang xonim. — Bu mening azaliy orzuyim edi. Gullar bayramini koʻraman, goʻzallikka oshno boʻlaman. Va, albatta, safarim davomida Bobur kamol topgan qadimiy Axsikentga ham boraman.

Uzoq yillardan beri ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizni targʻib qilib kelayotgan mehmonni viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov boshchiligida bir guruh faollar kutib olishdi.

Safarini Namangan shahridagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻidagi betakror koʻrgazmalar tomoshasidan boshlagan hindistonlik mehmon bu yerdagi rango-rang gullar goʻzalligidan hayratga tushdi. U viloyatning diqqatga sazovor joylari, namanganliklarning urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishib, yashil shahar haqida ajoyib mediamateriallar tayyorlashni maqsad qilgan.

                                                              Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер