Sadriddin Ayniy muzeyi qachon zamonaviy qiyofada barpo etiladi?
“Soktari “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi mahallaga aylanadi”, degan xabardan bu koʻhna manzilda yashovchilarning boshi koʻkka yetdi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan viloyatdagi 35 ta mahalla qatori Soktari ham aholining istiqomat qilishi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali goʻshaga aylantirilayotganidan quvonmay boʻladimi?
— Hududimizda 6400 dan ziyod aholi yashaydi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xudoyberdi Ismatov. — Qarorga muvofiq, bizga ham besh milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. Bu sarmoyaga 5 kilometr masofadagi yoʻlni asfalt qilish, kichik bir bogʻ barpo etish, hududimizdagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabi filiali binosini taʼmirlab, zamonaviy shart-sharoitlar yaratish kabi ishlarni bajarish rejalashtirilmoqda.
— Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan bu keng koʻlamli yumushlardan behad xursandmiz, — deydi mahalla keksalar maslahat kengashi raisi Nizomiddin Fozilov. — Zero, obod, farovon goʻshada umrguzaronlik qilishga nima yetsin? Shu bilan bir qatorda “Sadriddin Ayniy muzeyi qachon zamonaviy qiyofada barpo etilar ekan”, degan oʻy bizni anchadan beri bezovta qilib kelmoqda. Axir, yoshlarimizni madaniy merosimiz, qadriyatlarimiz, tariximizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan bunday maskanni hamma joyda ham uchratavermaysiz.
Katta hayotiy tajribaga ega Nizomiddin akaning bu mavzudan soʻz ochishi bejiz emas. Gʻijduvon tumanidagi Soktari qishlogʻi yurtimizning boy tarixga ega goʻshasi sanaladi. Bu yerdagi osori atiqalar, shu zamindan yetishib chiqqan fozil insonlar, olimu shoirlar haqida uzoq soʻzlash mumkin. Shulardan biri oʻzbek va tojik adabiyotining zabardast vakili Sadriddin Ayniydir.
1878-yilda Soktarida tugʻilib oʻsgan, “Qullar”, “Doxunda”, “Eski maktab”, “Sudxoʻrning oʻlimi” kabi oʻlmas badiiy asarlar yaratgan. Oʻrta Osiyo xalqlarining tarixi, hayoti, anʼanalari, boy maʼnaviy merosini chuqur tadqiq qilgan adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olimning Rudakiy, Bedil, Alisher Navoiy singari ulugʻ mutafakkirlar ijodiga oid qator maqola va risolalari ham bor. Asarlari jahonning koʻplab tillariga oʻgirilgan.Taniqli fransuz shoiri Lui Aragon “Sudxoʻrning oʻlimi” povestini tarjima qilar ekan, “Sadriddin Ayniy oʻzining bu oʻlmas asari bilan dunyo adabiyotining buyuk namoyondalari Balzak, Shekspir, Gyote qatorida turadi”, deya eʼtirof etganining oʻziyoq koʻp narsani anglatadi.
— Shunday ulugʻ allomaning qishloqdoshi boʻlganingdan koʻngilda gʻurur hissini tuyasan, kishi, — deydi mehnat faxriysi Olim Gʻaybullayev. — Yana ikki yildan soʻng Sadriddin Ayniy tavallud topganiga 150-yil toʻladi. Toʻyga toʻyona, deganlaridek yozuvchi, olim, jamoat arbobining muzeyi uchun yangi bino barpo etilsa, ayni muddao boʻlardi. Qolaversa, keyingi paytda qadimiy qishlogʻimizga sayyohlar, jumladan, qoʻshni Tojikistondan ham mehmonlar tez-tez tashrif buyurmoqda.
Adibning asarlarini mutolaa qilgan kishi borki, u tugʻilib oʻsgan qishloqni koʻrgisi, oʻsha davr muhitini his etgisi keladi. Ammo muzeyning madaniy meros obyekti sanalgan qadimiy masjidda joylashgani taajjublanarli. Toʻgʻri, adib tugʻilib oʻsgan uy saqlanib qolmagan. Lekin masjid yonida 1978-yilda S. Ayniyning 100-yilligi munosabati bilan adib byusti oʻrnatilgan, yozuvchi qahramonlari nomi bilan ataladigan kitob, savdo doʻkonlari, choyxona ochilgan edi. Zamona zayli bilan ular xususiylashtirilgan. Hozir qarovsiz ahvolda. Shular oʻrnida muzey uchun sharqona uslubda, toʻrt-besh xonadan iborat bino qurilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Darvoqe, “Xalq soʻzi” da bundan salkam uch yilcha muqaddam eʼlon qilingan “Dunyo tan olgan adibni yoshlarimiz nega bilishmaydi?” sarlavhali maqolada bu haqda batafsil fikr yuritilgandi.
— Shundan soʻng viloyat arxitektorlari, mutasaddilar Soktariga kelib, ahvolni atroflicha oʻrganishdi, — deydi Nizomiddin Fozilov. — Takliflarimizni bildirdik. Natijada muzey yangi binosining loyihasi yaratildi. Bunga ham ancha boʻldi. Aytmoqchi, “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasidagi mahalla maqomini olishi kutilayotgani munosabati bilan yaqinda viloyat hokimi boshchiligida bir guruh masʼullar Soktarida aholi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazishdi. Shunda biz Sadriddin Ayniy muzeyi uchun yangi bino qurish masalasini ham oʻrtaga tashladik. Qaniydi, shu inshootning moliyaviy manbasi, quruvchisi aniqlansa-yu qurilish ishlariga kirishilsa... Axir, adib tavalludining 150-yilligi nishonlanadigan 2028-yil tobora yaqinlashmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori asosidagi dasturga koʻra, Sadriddin Ayniy uy – muzeyini restavratsiya qilish koʻzda tutilgan.
Agar shu maqsad roʻyobga chiqsa, maskanni “Buxoro” davlat muzey – qoʻriqxonasi ixtiyoriga oʻtkazish haqida ham oʻylab koʻrish kerak. Bu eksponatlarni yanada boyitish, “Ayniy izdoshlari”, “Istiqlol va Soktari” kabi mavzularda koʻrgazmalar tashkil etish, osori atiqalarni davlat standartlariga mos tarzda saqlash imkoniyati yuzaga keladi. Binobarin, “Sadriddin Ayniy muzeyi qachon zamonaviy qiyofada qad rostlaydi?” degan savolga mutasaddilardan javob kutib qolamiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring