Ruminiyada NATO davlatlari va hamkorlari maxsus kuchlarining mashgʻulotlari boshlandi
Foto: Reuters
Ruminiyada maxsus kuchlar qoʻshinlarining "Junction Strike 2023" (JUST 23) xalqaro mashgʻulotlari boshlandi.
Ruminiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, 18-mayga qadar davom etadigan manevrlar Ruminiya poligonlari va bir qancha aholi punktlari yaqinida boʻlib oʻtadi.
Mashgʻulotlarda Ruminiya Qurolli Kuchlarining 500 dan ortiq harbiy xizmatchisi, 100 ga yaqin quruqlik, havo va dengiz jangovar texnikasi, Bolgariya, Ispaniya, Polsha, Portugaliya va AQSHdan 100 ga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etmoqda. Mashqlarda Gruziya, Iordaniya va Moldova harbiylari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Ruminiya Mudofaa vazirligining taʼkidlashicha, ushbu mashgʻulotlar taktik va tezkor tuzilmalarni "jangovar sharoitlarga yaqin, xayoliy ssenariy asosida, koʻp millatli va idoralararo formatda" oʻqitishni taʼminlaydi.
Taʼkidlanishicha, JUST 23 oʻquv mashgʻulotlarining asosiy maqsadi NATOning uchta kuchini — maxsus operatsiyalar kuchlarining dengiz guruhi, maxsus operatsiyalar kuchlarining quruqlikdagi guruhi va havo kuchlarining vertolyotlar bilan maxsus operatsiyalar boʻlinmasini sertifikatlashdan iborat.
Ushbu manevrlarning vazifalaridan biri mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ayniqsa, Qora dengiz mintaqasida koʻp millatli muhitda ish tartiblarini uygʻunlashtirishdir.
Shu yilning 8-may kuni Litvada ham NATOning ikki haftalik "Temir boʻri-2023" mashgʻulotlari boshlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring