Rossiyada yana bir general poraxoʻrlikda ayblanib hibsga olindi
Foto: Reuters
Rossiyada armiya bosh shtab boshligʻi oʻrinbosari general-leytenant Vadim Shamarin yirik miqdorda pora olishda gumonlanib hibsga olindi. Bu mamlakatda yuqori martabali harbiy amaldorlarning bir oyda toʻrtinchi marotaba hibsga olinishi hisoblanadi.
«TASS» axborot agentligi xabariga koʻra, Harbiy sud chorshanba kuni Mudofaa vazirligining aloqa bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan Shamarinni ikki oyga qamoqqa olish haqida qaror chiqargan.
Bungacha Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotida qatnashgan sobiq bosh qoʻmondon general mayor Ivan Popov va Mudofaa vazirligining kadrlar boshqarmasi boshligʻi general-leytenant Yuriy Kuznetsov poraxoʻrlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Aprel oyida esa Mudofaa vaziri oʻrinbosari, sobiq Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning yaqin safdoshi Timur Ivanov ham poraxoʻrlikda ayblanib hibsga olingandi. Bundan tashqari, Ivanovning doʻsti va Mudofaa vazirligiga boʻysunuvchi bir qancha kompaniyalarning rahbarlari ham qoʻlga olingan.
Prezident Vladimir Putin may oyida inauguratsiya marosimidan soʻng Shoyguni Mudofaa vaziri lavozimidan boʻshatib, uning oʻrniga iqtisodchi Andrey Belousovni tayinladi.
Shamarinning boshligʻi general Valeriy Gerasimov Ukrainadagi urushda Rossiya harbiylarining faoliyati yuzasidan qattiq tanqidlarga uchragan boʻlsa-da hech qanday ayblovlarga uchramagan. Oʻz navbatida, Kreml tizimda «tozalash ishlari» olib borilayotganini rad etdi.
«Korrupsiyaga qarshi kurash doimiy harakatdir. Bu kampaniya emas, balki, huquq-tartibot idoralari faoliyatining ajralmas qismidir», dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.
Hibsga olishlar va Mudofaa vazirligi rahbariyatining almashishi Rossiya kuchlarining 18 oy ichidagi eng muhim yutuqlardan biri, yaʼni Xarkovdagi faol janglardan soʻng amalga oshirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring