Rossiyada ichida yoʻlovchilari boʻlgan avtobus daryoga qulab tushdi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri markazida ichida oʻnlab yoʻlovchilar boʻlgan avtobus Moyka daryosiga qulab tushdi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, politsiyadagilar avtobusda 20 nafar atrofida odam boʻlganini aytgan.
Mahalliy “Fontanka” nashri guvohlarga tayanib, xabar berishicha, avtobus daryo sohili boʻylab harakatlanayotib avvaliga ikkita avtomobilga borib urilgan. Keyin esa toʻsiqni buzib oʻtib, suvga qulab tushgan.
“Ostorojno, novosti” nashriga koʻra, birinchi boʻlib yaqin atrofda boʻlgan mehnat muhojirlari avtobus yoʻlovchilariga yordam koʻrsatishga oshiqqan va bir necha kishini suvga gʻarq boʻlayotgan avtobus ichidan chiqarib olishgan.
TASS agentligi operativ xizmatlardagi manbasiga asoslanib, qurbonlar soni uch nafarni tashkil etayotgani, yana olti kishi shifoxonaga yotqizilganini xabar qilgan. “Fontanka” maʼlumotlarida esa, qurbonlar soni 6 nafar ekani aytilgan.
Avtobus haydovchisi qoʻlga olingan, holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring