Rossiya AZAL samolyoti halokati sabab Ozarbayjonga tovon toʻlaydi

10:08 16 Aprel 2026 Dunyo
265 0

Rossiya va Ozarbayjon prezidentlarining 2025-yil 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar AZAL aviakompaniyasiga tegishli “Embraer 190” samolyoti halokati oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Bu bilan 2024-yil 25-dekabr kuni Qozogʻistonning Aqtau shahri yaqinida sodir boʻlgan fojia Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining ehtiyotsiz harakati oqibatida sodir boʻlgani rasman tasdiqlangan. Kelishuv doirasida halokat oqibatlarini tartibga solish, jumladan tovon pullarini toʻlash masalasi ham qamrab olingan.

Qayd etilishicha, tomonlar ushbu masala boʻyicha oʻzaro maqbul yechimga kelgan. Tomonlar oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatlarni inobatga olish tamoyillari asosida ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar izchil rivojlanishda davom etishiga ishonch bildirilgan.

Rossiya TIV xabarida, shuningdek, samolyot halokati oqibatida halok boʻlganlarning yaqinlari va qarindoshlariga yana bir bor chuqur taʼziya bildirilgan hamda ushbu fojia taʼsir qilgan barcha insonlar qaygʻusi hamdardlik bilan baham koʻrilishi taʼkidlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер