Rishtonlik yosh kulol oyiga ming dollar maosh olmoqda
Fargʻona viloyati Rishton tumanida tashkil etilgan “Mingboshi keramik” kulolchilik klasteri oʻz mahsulotlarini dunyo boʻylab eksport qilish maqsadida mahoratli ishchi-xodimlarga munosib shart-sharoitni yaratish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Kulolchilik klasterida faoliyat yuritayotgan, tumanning Dehqonobod mahallasida yashovchi isteʼdodli yoshlardan biri Tavakkal Usmonaliyevning aytishicha, u oyiga ming dollar maosh olmoqda. “Toʻgʻri, kimlar uchundir bu unchalik katta raqam emasdir, ammo bizning sharoitda bunday maoshga ishlash koʻpchilik uchun orzu”, deydi u samimiyat bilan.
— Har bir ishga ijodiy yondashib, kulolchilik mahsulotlarida betakror tabiat manzaralari, Fargʻona vodiysining tarixiy-madaniy yodgorliklarini aks ettirishga harakat qilaman,-deya davom etadi yosh kulol. — Hunarmandchilik shunchaki qoʻl mehnati emas, bu ishda ijodiy fantaziya, qomusiy bilim, mehr kerak. Maosh masalasiga kelsak, albatta, munosib ragʻbat ishga boʻlgan masʼuliyatni, gʻayrat va ishtiyoqni yanada oshiradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish oʻrinliki, bugungi kunda kulolchilik klasterida tayyorlanayotgan betakror mahsulotlar qoʻshni davlatlar, shuningdek, Rossiyaga eksport qilinmoqda. Yaqinda vaqt ichida korxona mahsulotlarini Turkiya, Italiya, Buyuk Britaniya bozorlariga chiqarish boʻyicha hamkorlik kelishuvlariga erishilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring