Reuters: Mujtabo Xomanaiy yuzi va oyoqlaridagi ogʻir jarohatlardan soʻng sogʻayishda davom etmoqda

20:08 11 Aprel 2026 Dunyo
522 0

Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy aviazarba natijasida olgan yuzi va oyoqlaridagi ogʻir jarohatlardan soʻng tiklanish jarayonini oʻtamoqda. Bu haqda Reuters agentligi Xomanaiyning yaqin atrofidagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasining birinchi kunida Tehron markazidagi qarorgohga berilgan zarba oqibatida Mujtabo Xomanaiyning yuzi tanib boʻlmas darajada shikastlangan. Shuningdek, u ikkala oyogʻidan ham jiddiy jarohat olgan.

Manbalarning qayd etishicha, Islom Respublikasi Oliy rahbarining aqli rasoligi saqlanib qolgan. Xususan, u yuqori lavozimli amaldorlar bilan audiokonferensiyalar orqali yigʻilishlar oʻtkazmoqda va muhim masalalar, jumladan, AQSH bilan muzokaralar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etmoqda.

Reutersʼning yozishicha, olingan maʼlumotlar Xomanaiyning soʻnggi bir necha hafta ichidagi holati haqidagi eng batafsil tavsifdir, biroq agentlik ushbu maʼlumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.

Eslatib oʻtamiz, Mujtabo Xomanaiy 28-fevral kuni yaralangan edi. Uning otasi, mamlakatning avvalgi Oliy rahbari Ali Xomanaiy esa halok boʻlgan.

Avvalroq The Times gazetasi Mujtabo Xomanaiy hushsiz holatda ekani va Qum shahrida davolanayotgani haqida xabar bergan edi. Eron Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Said Xatibzoda esa Oliy rahbarning ahvoli yaxshiligini va u mamlakatni boshqarayotganini maʼlum qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер