Reuters: AQSH va Eron shu haftada toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni qayta tiklashi mumkin
AQSH va Eron delegatsiyalari shu hafta oxirida yoki kelgusi hafta boshida yana Pokiston poytaxtiga yoʻl olishlari mumkin, deb xabar bermoqda Reuters.
Nizoni hal qilish boʻyicha muzokaralarning taxminiy sanasi hozircha nomaʼlum. Agentlik suhbatdoshlaridan birining qayd etishicha, delegatsiya aʼzolari “jumadan yakshanbagacha boʻlgan kunlarni zaxira sifatida boʻsh tutishibdi”.
Eron ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarda vositachi boʻlgan Pokiston hukumatiga muzokaralarning navbatdagi bosqichiga tayyorligini allaqachon maʼlum qilgan.
Hozircha Oq uy bu borada qanday pozitsiyada ekanligi noaniq. Amerikalik mulozimlar uchrashuvning ehtimoliy sanasi va joyini muhokama qilishmoqda, biroq bu suhbatlar hali dastlabki bosqichda ekani aytilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan dam olish kunlari Islomobodda Eron va AQSH oʻrtasida bir necha bosqichli muzokaralar boʻlib oʻtgan edi. Bir qator ziddiyatlar tufayli tomonlar nizoni uzoq muddatli hal etish masalasida kelishuvga erisha olmadilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring