Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini SSV tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi ortiqcha byurokratik norma chiqarib tashlanmoqda
Иллюстратив фото
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Yaʼni, Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador boʻlgan bandlar chiqarilmoqda.
Chunki, amaliyotda ushbu tartib Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtkaziladigan buyruqni qabul qilishini nazarda tutadi. Bu esa bir muddat vaqtni talab qiladi. Ushbu vaqt davomida dori vositalarining oʻramida va qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomasida retseptsiz berilishi koʻrsatilganligiga qaramasdan ular Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatiga kiritilguniga qadar ularni qoʻllash tartibi mavhum boʻlib qolmoqda.
Bunda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ekspertlar kengashi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish maqsadida bir oyda kamida 2-marta yigʻilish oʻtkazilishi inobatga olinsa, retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini shuncha marta yangilash va Adliya vazirligidan oʻtkazish zarur boʻlmoqda.
Qonun loyihasi bilan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi ortiqcha byurokratik norma chiqarib tashlanmoqda. Natijada dori vositalari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi chogʻida “Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” asosida uning retseptsiz yoki retsept asosida berilishiga oid toifasi aniqlanadi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan dori vositasi avtomatik shaklantirilib boriladigan roʻyxatda qayd etilib, ochiq veb-saytda joylashtiriladi.
Shu bilan birga, qonun loyihasida dori moddalari (substansiyalar)ni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qoʻyilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan yangiliklar sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali respublika aholisining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan taʼminlash darajasining oshishiga xizmat qiladi.
Qizgʻin bahs-munozaralar, uzoq davom etgan savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring