Respublika ziyolilari – Navoiyda
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Madaniyat karvoni” hamda “Maʼnaviyat festivali”ga shu kunlarda Navoiy viloyati mezbonlik qilmoqda. Poytaxtdan tashrif buyurgan 150 nafardan ortiq ziyolilar, olimlar, ijodkorlar, taniqli sanʼatkorlar viloyatning barcha hududida boʻlib, katta-kichik davralarda odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda. Ularning tashvishu quvonch, yutuq va muammolariga sherik boʻlmoqda. Boshqacharoq aytsak, ushbu uchrashuvlar shunchaki aholining kayfiyatini koʻtarish uchun tashkil etilgan navbatchi tadbir emas, balki yurtdoshlarimiz orasida mehr rishtalarini bogʻlab, ezgulik, inson qadri ulugʻligining amaldagi ifodasidir.
“Maʼnaviyat festivali” va “Madaniyat karvoni” ishtirokchilari Karmana tumanidagi Doʻrman mahallasida boʻlib oʻtgan uchrashuv avvalida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fuqarolar yigʻini binosi atrofiga yaxshi niyatlar bilan manzarali daraxt koʻchatlari ekishdi. Uchrashuvda esa umummilliy loyihaning maqsad va umidlari xususida soʻz bordi. Shundan soʻng ustoz sanʼatkorlar oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan mahalla binosi va unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Mahalla oqsoqoli mehmonlarga “Doʻrman” mahallasi yangi guzari hamda “Doʻrman tekstil” tikuvchilik korxonasi, unda mehnat qilayotgan “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan mahalla ahlining quvonch va tashvishlari xususida soʻzlab berdi.

— Bu kabi safarlarda ilgari ham koʻp bor ishtirok etganmiz, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gulchehra Saʼdullayeva. — Toʻgʻrisi, ilgari biz qishloq ahlining kayfiyatini koʻtarishga uringan boʻlsak, endilikda qishloqlarimizdagi kishilarning hayoti, bugungi kundagi oʻy-fikrlarini koʻrib, oʻzimizning kayfiyatimiz koʻtarilyapti. Bu bizga ilhom beradi.
Tadbir davomida poytaxtlik mehmonlar 12-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ochilish marosimida ishtirok etishdi. Mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti 120 oʻringa ega boʻlib, investitsiya dasturi asosida jami 3 milliard 225 million soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan.
Ijodiy uchrashuvda sanʼatkorlar mahalla ahliga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib, xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar ishtirokchilarga xush kayfiyat bagʻishladi.

Festivalning “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasidagi targʻibot guruhi aʼzolari Nurota tumanidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida boʻlib, ushbu muassasada davolanuvchi bemorlar uchun respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Maʼrifat targʻibotchilar jamiyati tomonidan badiiy kitoblar, oʻquv qurollari topshirdi.
Shuningdek, aholi orasida insoniylik qadriyatlarini targʻib qilish, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida festival ishtirokchilari nogironlar, tibbiyot boʻlimida davolanayotgan kasallar, toʻshakdagi bemorlar holidan xabar olishdi. “Temir daftar”da turuvchi oilalarning toʻy tantanasida ishtirok etib, qutlashdi. Qiziltepa tumanining Azizobod mahallasida istiqomat qiluvchi 82 yoshli Gʻ. Ashurov, Karmana tumanining Doʻrman mahallasida yashovchi 102 yoshli Pirnazar Turdiyev holidan xabar olishdi.

— Koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi, — deydi Gʻ. Ashurov. — Ming qatla shukr, hech qanday yetishmovchilik yoʻq. Bugun, mana, televizorda koʻrgan kishilarimiz kelib, holimizdan xabar olishdi. Bu ancha quvvat berdi. Shu tadbirni oʻylab topganlar bizning yoshimizga yetib yurishsin.
Festival ishtirokchilari mehnat jamoalarida, xususan, “Navoiyuran” davlat korxonasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar. Jamoa bilan muloqot chogʻida davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik siyosati yoshlarga kuch-quvvat va kelajakka boʻlgan ishonchni mustahkamlayotgani taʼkidlandi. Uchrashuv yakunida korxona bosh direktori J. Hasanov barcha ishtirokchilarni va mehmonlarni qutlab, esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Festival ishtirokchilari olis Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlaridagi chekka ovullarda ham unutilmas taassurotlarga boy uchrashuv va konsert dasturlari oʻtkazmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring