Respublika ishchi guruhi Samarqandda

16:47 20 Aprel 2022 Jamiyat
813 0

Foto: Халқ сўзи

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini tizimli hal etish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligini oʻrganish maqsadida Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov boshchiligida ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov va Bosh prokuror oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokurori, general-mayor Shuhrat Uzoqov Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Dastlab ishchi guruh Samarqand xalqaro aeroportida yoʻlovchilar uchun yaratilgan qulayliklar, yaʼni bagajlarni tekshirish va oʻtkazish, pasport nazorati, qayddan oʻtkazishda oʻz-oʻziga xizmat qilish jarayonlari bilan tanishdi.

Shundan soʻng Payariq tumanida rekonstruksiya qilinayotgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda unga yondosh joylashgan Hadis ilmi maktabidagi mavjud sharoitlar oʻrganildi. Ishchi guruh Samarqand turizm markazi, “Konigil meros”, “Samarqand-Buxoro ipak gilami” korxonalarida ham boʻldi.

Bundan tashqari Urgut tumani «Savgʻon» mahallasida “Yashil hudud” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga, «Dexqonobod» mahallasidagi maktabgacha taʼlim muassasasidagi shart-sharoitlar, «Uzbiogaz» MCHJ, «Mamadjon Nurafshon» hamda “Sam electro service” korxonalari faoliyatiga ishchi guruh alohida diqqat qaratdi.

Jahonda biogaz olish texnologiyasining 60 dan ortiq turi mavjud. Ular orasida keng tarqalgani maxsus uskunalarda organik moddalarni bijgʻitish usulidir. Qishloq sharoitida bu usul orqali kichik hajmdagi biogaz qurilmalarini oʻrnatish juda qulay. Mutaxassislarning fikricha, har bir qoramol chiqindisidan bir kunda 4,2 kubometrgacha biogaz olish mumkin. Boshqacha aytganda, bitta qoramol chiqindisidan olinadigan kunlik biogaz qariyb 10 kilogramm yogʻoch-oʻtin yoki 5 kilogramm koʻmir energiyasiga toʻgʻri keladi.

Shu yil Urgut tumanining “Dehqonobod” mahallasida yashovchi Chingiz Barotov xonadonida ham kichik hajmdagi biogaz qurilmasi oʻrnatilgan edi. Hozirgi kunda ushbu qurilma orqali 10 ga yaqin qoramol chiqindisidan mahalla hududidagi 150 oʻringa moʻljallangan bogʻchaga biogaz yetkazib berilmoqda.

— Xitoyda har bir xonadonda biogaz bor, — deydi «Uzbiogaz» MCHJ rahbari Alijon Temirov. — Ular organik chiqindilardan unumli foydalanib, ham foyda koʻradi, ham oʻz ehtiyoji uchun ishlatadi. Bu tajribani oʻrganish maqsadida Xitoyga bordim va xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashib, fermer va xonadonlar uchun biogaz qurilmalarni ishlab chiqaruvchi sex tashkil qildim. Hozir biogaz qurilmalarini ishlab chiqarish bilan birga qurilmalardan eksperiment sifatida foydalanyapmiz.

Shu bilan birga oʻrganishlar davomida “Sariqtepa” mahallasidagi 48-maktabda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. “Mergancha” mahallasidagi 154-maktab oʻquvchilari uchun kitoblar sovgʻa qilindi.

Respublika ishchi guruhi oʻrganishlari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер