Reyting — baraka garovi
Notinch va ijtimoiy adolat taʼminlanmagan joyga kishining oyogʻi tortmaydi. Natijada bunday hududlardan baraka qochadi. Ahli dunyoning ixlosi qaytadi. Zamon tilida buni investitsion jozibadorlik deb atash mumkin. Uning oʻz mezonlari mavjud.
Dunyoda mamlakatlarning investitsion jozibadorligi 15 ta mezon boʻyicha, yaʼni egalik, innovatsiya, soliq solish, texnologiya, korrupsiya darajasi, erkinlik (shaxsiy, tijoriy va moliyaviy), byurokratiya va investorlar himoyasi kabi mezonlar bilan baholanib, “ishchi kuchi”, “infratuzilma”, “bozor hajmi”, “hayot sifati” va “siyosiy xavf” kabi masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilar ekan Respublikamiz Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash bilan birga pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadlarini ham oʻzida ifoda etadi.
Mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi bosqichida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda ularning huquqiy asoslari Davlatimiz rahbarining 2017-yilning 12-dekabrida qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida taʼminlandi. Natijada xalqimizga xar tomonlama keng qulaylik yaratish, yurtimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini xar jabhada koʻtarish, mavqeini mustahkamlash, barcha sohalarni rivojlantirish maqsadida zamonaviy axborot kommunikatsiyalar va texnologiyalarini joriy etish bosh maqsad etib belgilandi. Davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkonini tubdan oshirish boʻyicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilib, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulugʻvor gʻoyani amalga oshirish mexanizmi yaratildi va zamon talabi asosida takomillashtirilmoqda.
— Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini izchillik bilan takomillashtirish aholi hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi, - deydi DXA Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Nodira Samandarova. — Bugun viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Eng muhimi, xorijlik investorlarning ham davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyojlari belgilangan tartib va muddatlarda ado etilmoqda. Misol uchun Nurota tumanining Chuya qishlogʻida qad koʻtarayotgan zavodning yuridik nomimasʼuliyati cheklangan shaklidagi “Trade”Production International" qoʻshma korxonasi. U Oʻzbekiston va Amerika ishbilarmonlari hamkorligida qurilyapti. Korxona Nurota tumanining davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtkazildi. Tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlash uchun 2 gektar yer ajratilib, toshga ishlov berishning Italiya texnologiyasi keltirib oʻrnatilmoqda. Mazkur korxona tufayli mahalliy aholi uchun 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi...
Eʼtiroflisi, ushbu qoʻshma korxona mutaxassislari davlat xizmatiga boʻlgan barcha murojaatlarini onlayn tarzda internet orqali amalga oshirdilar.
Pandemiya karantini sharoitida Nurota tumanida olingan davlat xizmatlarning 40 foizi onlayn shaklda amalga oshirildi. Tuman DXM bosh mutaxassisi Abduxolis Rasulov taʼkidlashicha, yil boshidan buyon aholi va fuqarolarga 2200 ta davlat xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 328 tasi yuridik maqomga ega boʻlgan korxonalar ochilishiga toʻgʻri keladi.
Viloyatning Navbahor tumanida esa Davlat xizmatlari markazi oʻtgan besh oy mobaynida 6,5 ming kishiga xizmat koʻrsatdi. Natijada 160ta yuridik maqomga ega korxona roʻyxatdan oʻtkazilib, may oyining oʻzida 50dan ortiq MCHJ shaklidagi ishlab chiqarish subyektlariga asos olindi. Tuman DXM bosh mutaxassisi Umidjon Toʻrayevning taʼkidlashicha, 3 ta tikuvchilik fabrikasi ishga tushirilib, ularda qariyb 2 ming xotin- qiz oʻz ish oʻrniga ega boʻladi. Chunonchi, tumanda bunyod etilayotgan "QORAJON TEXTILE« masʼuliyati cheklangan jamiyat tikuvchilik fabrikasida 300 ish oʻrni , (ikki navbatda 600)navbahorlik xotin-qizning bandligi taʼminlanadi. Yaponiya uskunasozligi texnologiyasi bilan jihozlanmoqda. »NAVBAHOR KASABA CHEVARLARI« masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli tikuvchilik fabrikasiga esa Germaniyaning "Zinger" tikuv mashinalari keltirilgan. Fabrika ikki navbatda 800 nafar mahalliy xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlaydi. Xuddi shunday fabrika tumanning «Qalqonota» mahallasida ham qurilmoqda.
Bugun Respublikamizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy islohotlar yuqorida keltirilgan barcha mezonlarni oʻz ichida olayotganligi, barcha harakatlar mamlakat ravnaqi va inson manfaatlariga qaratilganligi davlatimiz xalqaro reytingi yuqorilashiga xizmat qilishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring