Registonda yana “Sharq taronalari” yangraydi

23:45 14 Avgust 2024 Jamiyat
359 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yaqin kunlarda Samarqandda boʻlib oʻtadigan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik jarayonlari, tashkiliy masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida keng jamoatchilik va OAV vakillariga maʼlumot berish maqsadida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Viloyat Yoshlar markazida oʻtkazilgan anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov, viloyat hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov va boshqa masʼullar festival oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Qayd etilganidek, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi 26-avgust kuni Samarqand shahridagi Registon maydonida oʻtkaziladi.

Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari bu yilgi festival dastlab Samarqand xalqaro turistik markazi hududidagi “Boqiy shahar” majmuasida oʻtkazilishi haqida xabar berilib, keyinchalik yana Registon maydoniga koʻchirilganiga izoh berdi.

— “Sharq taronalari” deganda koʻz oʻngimizda Registon maydoni keladi, — deydi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov. — Boshqa joyda Registondagi singari tabiiy, hech qanday bezak va dekoratsiyalarsiz sahna yaratish qiyin. Festivalda qatnashadigan xorijlik sanʼatkorlar va mehmonlar ham avvalo, Registonni tomosha qilish, bu yerdagi sahnadagi goʻzallikdan bahramand boʻlish uchun keladi. Shu va boshqa jihatlar hisobga olinib, festivalni Registonda oʻtkazishga qaror qilindi. Shovqin va boshqa omillarning tarixiy obidaga zarar yetkazishi masalasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi masʼullari va mutaxassislari tomonidan oʻrganilib, ularning xulosalari inobatga olingan holda zarur choralar koʻrilmoqda.

Shu paytgacha 70 dan ortiq davlatdan 300 nafardan ziyod vakil bu yilgi festivalda qatnashish istagini bildirgan. Ishtirokchi davlatlar 80 ga yaqin boʻlishi kutilmoqda.

Ayni paytda yurtimizning taniqli rejissyor va sanʼat ustalari tomonidan festivalning ochilish marosimi dasturi tayyorlanmoqda. Repetitsiya jarayonlari qizgʻin pallaga kirgan.

Festival ishtirokchilari Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlovda ishtirok etish bilan birga, Samarqand shahri va Samarqand, Payariq, Oqdaryo, Toyloq, Pastdargʻom tumanlaridagi teatrlar, madaniyat va istirohat bogʻlarida konsert dasturlarini namoyish etadi.

Festivalda mamlakatimizdan qatnashadigan ishtirokchilarni saralab olish maqsadida 13-14-avgust kunlari Samarqandda tanlov oʻtkazildi. Tanlov jarayonida eng yaxshi ijrochilar festivalda ishtirok etishga nomzod sifatida tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilindi.

Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер