Ragʻbat yangi maqsadlar eshigini ochdi

17:09 30 Avgust 2022 Jamiyat
874 0

Foto: Xalq so‘zi

Xattotlik sanʼati avlodlar osha eʼzozlanib, bardavom etib kelyapti va bundan keyin ham bu hunar qadr-qimmati oshib borishiga shubham yoʻq.

Samarqand misolida olib qaraydigan boʻlsak, viloyat “Hunarmand” uyushmasi tarkibida faoliyat yuritayotgan xattotlarga oʻzim boshchilik qilib kelaman. Oʻndan ortiq shogirdim bevosita qoʻl ostimda ushbu sanʼat sirlarini oʻrganmoqda. Yetarli koʻnikmaga ega boʻlgan ellikka yaqin shogirdlarim viloyatimizning turli hududlarida mustaqil faoliyat yuritishyapti. Bundan tashqari bir nechta shogirdim xorijiy davlatlarda ushbu sanʼat bilan shugʻullanmoqda.

Bu qadimiy sanʼatga bugun ham talab yuqori. Agar shunday boʻlmaganida bugun biz Samarqandning “yuragi” boʻlgan Registon maydonida, qadimdan ilm-fan markazi sanalgan Ulugʻbek madrasasida faoliyat koʻrsatmayotgan boʻlardik. Bugun sayyohlik markaziga aylangan Mirzo Ulugʻbek madrasasi oʻz davrida ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlganini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu haqida xorijdan kelayotgan sayyohlar ham tushuncha va tasavvurlarini boyitib ketmoqdalar. Ular uchun maxsus mahorat darslarini tashkil qilib, moʻjazgina hujramizda oʻrta asrlar muhitini yaratgan holda 5-10 kishilik darsxonada xatotlik sanʼati mashgʻulotlarini oʻtkazamiz. Sayyohlar oldindan mahorat mashgʻulotlariga buyurtma berishadi. Yarim soatlik mashgʻulotlar davomida ular oʻz ismlari, tilak va istaklarini maxsus qogʻoz yoki teriga yozishadi. Bu lahzalarda ulardagi zavqni, hayrat va quvonchni koʻrishning oʻzi maroqli...

Har bir soha rivoji iqtisodiy imkoniyatlar bilan uzviy bogʻliq. Xattotlik sanʼatini davom ettirish uchun ham mablagʻ, kerakli vositalar zarur. Bu borada oʻziga xos yoʻlni tanlagan holda sovgʻabop mahsulotlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyganmiz. Turli shakllardagi Samarqand qogʻozi, teri va shu kabi mahsulotlarga Qurʼoni Karim oyat va kalimalarini yozib, sovgʻabop mahsulotlar tayyorlaymiz.

Oʻz imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda katta hajmda Qurʼon kitobati bilan shugʻullanyapmiz. Shu kungacha ikkita katta hamjda bitilgan Qurʼon kitobi tayyor boʻldi. Birinchisi Mirzo Ulugʻbek madrasasi muzeyidan joy oldi. Ikkinchisi Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sovgʻa qilindi. Uchinchi katta Qurʼon kitobini muqaddas dinimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Buxoriy bobomizning yangidan bunyod etilayotgan majmuasiga topshirishni maqsad qilganmiz.

Mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida Prezidentimiz Farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida men ham “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangandim. Kamtarona mehnatim yuksak darajada eʼtirof etilganidan boshim osmonga yetdi. Bunday ragʻbat yangi maqsadlar tomon eshik ochdi. Milliy hunarmandchiligimiz rivoji yoʻlida yangi orzu va niyatlar paydo boʻldi. Endi ularni roʻyobga chiqarish uchun astoydil bel bogʻlaymiz.

Jalil Ergashev,

“Doʻstlik” ordeni sohibi,

“Hunarmand” uyushmasi aʼzosi, xattot,

Samarqand viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер