Quyosh panellari – tejamkor texnologiya

11:12 03 Iyul 2024 Jamiyat
370 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda sanoat ishlab chiqarishning barcha turlari elektr energiyada ishlaydi. Bir lahzalik energiya taʼminotidagi uzilishlar isteʼmolchilik talabi va ishlab chiqarish oʻrtasida qancha muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bois, mamlakatimizda elektr energiyasidan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalari, yaʼni, quyosh panellarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hukumatimizning diqqat markazida boʻlib turibdi.

Bundan bir necha yil ilgari Prezidentimizning “Nukus shahrida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Nukuselektroapparat” MCHJ qoʻshma korxonasi tashkil etilgan edi. Yuqori va past kuchlanishli transformator podstansiyalari ishlab chiqarilgan mazkur korxonada endilikda zamonaviy energiya tejovchi uskunalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

— Korxonamiz birinchilardan boʻlib quyosh panellarini toʻliq avtomatlashtirilgan tartibda ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi, — deydi “NUKUSELECTROAPPARAT” MCHJ qoʻshma korxonasi boʻlim boshligʻi Alisher Seitov. — Bu hududda elektr energiyasi tanqisligining oldini olishga, qayta tiklanuvchi muqobil energiya ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi. Korxonaning 92 mlrd. soʻm qiymatidagi ushbu loyihasi ishga tushirilishi natijasida 35 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Korxonamizda 550 Vt quvvatga ega va umumiy oʻlchamlari 2272 × 1128 × 35 (mm) va umumiy yillik ishlab chiqarish quvvati 150 MVt boʻlgan monokristalli kremniy gofretlari asosida yuqori samarali quyosh panellarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mahsulotlar tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlib, milliy va xalqaro standartlarning barcha talablariga javob beradi. Mahsulotimizni mahalliy ishlab chiqarish quvvatini oshirish va narxlarini arzonlashtirish nuqtayi nazaridan oʻz taklifimizni ishlab chiqib, tegishli tashkilotlarga taqdim qildik.

Mamlakatimizda yaqin yillarda quyosh panellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona boʻlmagan. Nukus shahridagi mazkur qoʻshma korxonaning yangi loyihasi ishga qoʻshilishi bilan hududda quyosh panellari tan narxining pastligi va transport xarajatlarining iqtisod boʻlishi evaziga butun xalqimizga birdek qulaylik yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер