Quvasoydagi bogʻchalarda keytering tizimi joriy etilmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quvasoy shahridagi autsorsing usuli joriy etilmagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tayyorlangan ovqatlarni yetkazib berish – keytering tizimi tashkil etiladi. Mamlakatimizda birinchi marta sinov-tajriba tariqasida joriy yil 1-avgustdan boshlab Quvasoy shahridagi bogʻchalarda ushbu tizim yoʻlga qoʻyiladi. Bu tajriba oʻz samarasini bersa, yil yakuniga qadar Fargʻona shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ham keytering tizimi joriy etiladi.
Yaqinda Quvasoy shahrida turkiyalik hamkorlar bilan “Garden catering” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Hozirda mazkur korxonada Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan sogʻlom ovqatlanish talablari asosida bolalar uchun belgilangan ratsionda 100 turdan ziyod taomlar, salat hamda desertlar tayyorlanmoqda. Shu maqsadda korxonaga 12 nafar turkiyalik yuqori malakali oshpazlar, 2 nafar sogʻlom ovqatlanish boʻyicha injener-texnologlar jalb etildi.

Qayd etilishicha, doimiy oʻrganishlar davomida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat mahsulotlarining talon-taroj qilish, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ishlatilish hamda ovqat tayyorlashda sanitariya qoidalariga amal qilmaslik holatlari uchrab turibdi. Shu bois viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlarning bolalarni sogʻlom va sifatli ovqatlantirishning zamonaviy keytering usulini tajriba sifatida tatbiq etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.
Belgilangan rejaga muvofiq, besh oylik sinov-tajriba muddati yakunida mazkur tizimni boshqa hududlarda tashkil etish boʻyicha asoslangan takliflar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya shifokoriga kiritiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring