Quvasoy shahrida yilning toʻrt faslida ham qulupnay yetishtiriladi

18:06 27 Oktyabr 2023 Jamiyat
451 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatining Quvasoy shahri ahli bogʻdorchilik, dehqonchilik sohasidagi mirishkorligi bilan tanilgan. Quvasoy bogʻlarida sharbatga toʻlib pishadigan gilos, shaftoli, oʻrik, behi nafaqat ichki bozorda xaridorgir, shu bilan birga uzoq-yaqin xorij davlatlariga ham eksport qilinadi.

Oʻz navbatida quvasoylik mirishkorlar turli sabzavotlar yetishtirish, zamonaviy issiqxonalarda pomidor – bodring, qulupnay, koʻkatlar parvarishlash va moʻmay daromadga ega boʻlish borasida ham katta tajribaga ega.

Shaharning “Oqtosh” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Roʻziboy Mamajonov qulupnay yetishtirish boʻyicha quvonarli yutuqlarga erishib, yilning toʻrt faslida ham sifatli hosil olib kelmoqda.

U oila aʼzolari bilan birgalikda “Abdujalilov Abdupatto yorugʻligi” fermer xoʻjaligiga qarashli mevazor bogʻdan 1 gektar yerni ijaraga olib, bogʻ qator orasida yaxshi hosil yetishtiryapti.

— Internet tarmogʻi orqali Italiya texnologiyasi asosida toshloq yerda plyonka ostida qulupnay yetishtirishni oʻrganib, yil davomida hosil olishga erishyapmiz,—deydi u. —Bu navlar mavsum tanlamas boʻlib, uning koʻchatidan 4–5 yilgacha hosil olish mumkin.

Ayni paytda xonadon egalari “Qora shahzoda”, “Frigo”, “Elide”, “Albinos”, “Marisol” kabi oʻndan ziyod navlarni tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida parvarishlab, yilning toʻrt faslida ham daromad egu boʻlishyapti. Hozirda “Charli” navli qulupnay pishgan va har kuni oʻrtacha 50–80 kg hosil yigʻishtirib olinib, kilosini 100–120 ming soʻmdan savdo doʻkonlariga yetkazib berishyapti. Shu tariqa bir sotix yerdan yiliga 50 million soʻmgacha daromad olishmoqda.

Oila aʼzolari qoʻshimcha bir gektar yer olib, qulupnay yetishtirishni yanada rivojlantirishni maqsad qilishgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер