Quva tumanida koʻklam nafasi sezilmoqda

18:28 15 Fevral 2024 Jamiyat
284 0

Adirlarda yalpiz, binafsha, chuchmomalar borliqqa oʻz iforini taratib, yurtga koʻklam nafasini olib keladi. Muzaffar hayot tantanasi nafaqat tabiatga, balki inson qalbiga ham yangilanish, yasharish kayfiyatini baxsh etadi.

Ona zamin zebo kelinchakdek orolanar ekan, qadrdon qaldirgʻochlar vijir-vijiri quvalik mirishkorlarni bepoyon bogʻlar, dalalarga chorlaydi. Quvaning toʻrt tarafida mehnat simfoniyasi yangraydi. Mahallalar, aholi xonadonlarida ezgu niyat bilan koʻklam yumushlariga kirishiladi. Bunday farahbaxsh kunlar yaqin...

Ayni paytda Quva tumanida 65 ta MFYning 30 tasi koʻchatchilikka ixtisoslashgan boʻlib, 46 mingdan ziyod aholi xonadonida salkam 3 ming gektar tomorqa yeri mavjud. Hisob-kitoblarga qaraganda, bugungi kunda tumanda bahorgi mavsumda ekish va sotish uchun 75 million donadan koʻproq mevali va manzarali hamda atirgul koʻchatlari zaxirasi yaratildi.

Quva tumanining “Yangichek” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Elmurod Karimov 35-yildan buyon koʻchatchilik bilan shugʻullanadi.

Gulchilik va qulupnay yetishtirish oilaning yana bir qoʻshimcha daromad manbai hisoblanadi. Elmurod bolaligidan otasining yonida yurib, koʻchatchilikni qunt bilan oʻrgandi. Bugungi kunda 3 nafar ukasini yoniga olib, bir mavsumda oʻrtacha 70-80 ming tup 20 navdagi mevali daraxtlar koʻchatlarini bozorga chiqarishadi.

— Keyingi yillarda hayotiy tajribani ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari bilan oʻzaro uygʻun holda rivojlantirib, xorijdan keltirilgan oʻrik, shaftoli, gilos navlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirishga muvaffaq boʻldik, — deydi tajribali bogʻbon. — Shuningdek, olma, behi, nok, olxoʻri kabi mevali daraxt koʻchatlarini madaniylashtirish, payvandtag usulida koʻpaytirish boʻyicha ham katta tajribamiz bor. Shu bois buyurtma asosida respublika boʻylab quruq, zax, qir-adir, togʻ oldi hududlarida ekib koʻpaytiriladigan koʻchatlarni yetkazib beramiz.

Yaqinda oila aʼzolari oʻzaro maslahatlashgan holda auksion savdosi orqali 75 sotix unumdor yer maydoniga ega boʻlishdi. Endilikda mazkur maydonda koʻchat yetishtirish bilan birga, gulchilikni rivojlantirish, qulupnay yetishtirishni maqsad qilishmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер