Qut-barakaning oppoq “elchilari”

14:13 11 Yanvar 2023 Jamiyat
853 0

Foto: Xalq so‘zi

Qor — qishning ziynati, qut-baraka, farovonlik va toʻkinlik elchisi. Yangi 2023-yilning birinchi qori yogʻdi, bu yilimizning serhosil, serbaraka va qutlugʻ kelishidan nishona. Shaharu qishloqlarimiz oqlikka burkangani, dalayu qir-adirlarga oppoq poyandoz toʻshalgani, daraxtlar pardek yumshoq koʻrpaga oʻrangani — bularning barchasi aslida begʻubor va beminnat tuhfadir.

Qor yogʻsa, bolalar quvonadi, keksalar duoga qoʻl ochib, Yaratganga hamdu sanolar aytadi. Ayniqsa, dehqonning yuz-koʻzidan quvonch arimaydi. Chunki qor koʻp yoqqan yili meva-cheva moʻl boʻladi, polizu sabzavotdan tortib, paxtayu gʻallagacha barakali hosil olinadi. Bu jihatdan qancha quvonsak, arziydi. Ammo qor oʻzi bilan izgʻirin sovuqni olib keladi. Yerlar yaxmalak boʻlib, transport vositalari qatnovini sekinlashtiradi. Sovuq ob-havo issiqlik va elektr uzatish tizimlarida nosozliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi. Qishning bir kuni ham qish, deganlaridek, mavsumning qattiq kelishi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar xodimlarini ham shoshirib qoʻyishi tabiiy bir hol.

— 9-10-yanvar kunlari Oʻzbekiston hududida Rossiyaning Yevropa qismi shimoliy hududlari ustida shakllangan juda sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi matbuot kotibi Munisaxon Asilxodjayeva. — Kecha respublikamiz hududining katta qismida qor yogʻdi, togʻoldi va togʻli hududlarning baʼzi joylarida qor boʻron kuchli boʻladi. Bugun faqat respublikamizning markaziy va sharqiy hududlarida qor yogʻishi saqlanib turadi. Keyinchalik hafta oxirigacha Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

M. Asilxodjayevaning fikrlariga koʻra, sovuq havoning kirib kelishi Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha haroratning sezilarli darajada pasayishiga sabab boʻladi. Haftaning oʻrtasiga kelib, harorat kechalari -12, -17 daraja, baʼzi joylarda -20 daraja, kunduz kunlari -5, -10 daraja va baʼzi joylarda -12 darajagacha pasayadi. Eng kuchli sovuq respublika shimolida - kechalari -20, -25 daraja, Ustyurtda va Navoiy viloyatining choʻl hududlarida -27, -30 daraja, kunduz kunlari -7, -12 daraja sovuq boʻlishi kutilmoqda.

Ushbu haftaning oxirigacha anomal (gʻayritabiiy) sovuq saqlanib turadi.

Oʻzbekiston boʻyicha eng past harorat qiymatlari soʻnggi marta 2008-yilning yanvar oyida kuzatilgan. Oʻsha yili Toshkent shahrida minimal harorat -17,4 daraja sovuqni tashkil etgan boʻlsa, 1972, 1973, 1974 va 1977-yillarda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yanada qattiq sovuq kuzatilgan. Shimolda va choʻl hududlarda bu yillarda harorat -38 darajagacha tushgan. Toshkentda 1974-yilning yanvar oyida havo harorati -18,6 darajagacha pasayishi qayd etilgan.

Qish qishligini qiladi, bu tabiiy hol. Ammo izgʻirinli kunlarda aholiga elektr va issiqlik uzatishda muammolar yuzaga kelmasa, transport qatnovi uchun yoʻl sirpanchiqlarining oldi olinsa, tibbiyot sohasida namunali xizmat tashkil etilsa, albatta, hayot bir maromda davom etadi. Har qanday ob-havo sharoitida ham xalqimizning kayfiyati yuqori, ruhi tetik boʻlishi lozim. Zotan, qattiq sovuq va izgʻirinli qish ortidan iliq va yorugʻ kunlar boshlanadi.

 

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер