Qurilishda sifat qay darajada?
Illyustrativ foto
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qurilish, bunyodkorlik ishlar keng quloch yoymoqda. Bu yaxshi. Chunki bu orqali qanchadan-qancha odamlar uyli boʻlyapti, hududlar chiroyiga chiroy qoʻshilyapti. Biroq ayrim qurilish obyektlarida koʻngilni xira qiladigan holatlar ham uchrab turibdi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Doʻstlik tumani Alisher Navoiy nomidagi mahallada qurilayotgan 5 qavatli uy-joy majmuasida buyurtmachi “Ilgʻor Doʻstlik qurilish” MCHJ tomonidan armaturasiz plitalar ishlatilayotgani keng muhokamalarga sabab boʻldi. Bu Qurilish vazirligi mutaxassislari tomonidan chuqur oʻrganib chiqildi.
Mana shu kabi holatlarning oldini olishda Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 5-fevral kuni imzolangan “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qaror qurilish nazorati sohasida tub burilishlarga yoʻl ochadi. Aytish kerakki, 2019-yil yakuniga koʻra, hududiy inspeksiyalar tomonidan jami 30 493 ta obyekt qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun roʻyxatdan oʻtkazilgan. Mazkur obyektlar qurilishi davomida Qurilish vazirligi inspektorlari tomonidan jami 58 295 marotaba nazorat ishlari amalga oshirilgan. Aniqlangan kamchilik va nuqsonlarlarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan 16 629 ta yozma koʻrsatma berilgan. Obyektlar qurilishida 1 462 ta holat boʻyicha sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari vaqtinchalik qayta bajarilgunga qadar jami 72 786 mln soʻmlik mablagʻ buyurtmachilar tomonidan chegirib qolingan.
Qarorda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat tuzilmasi, hududiy nazorat inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi. Vaholonki, avvallari har bir tuman kesimida birgina shtat birligi mavjud boʻlib, inspektorga 135 tagacha boʻlgan qurilish obyektlari toʻgʻri kelardi.
Vazirlikdan maʼlum qilishlaricha, endilikda obyektlarning loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishga, obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi va davriyligiga qoʻyiladigan tabaqalashgan talablar ularning xavf-xatarlar toifasi va funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Ayni paytda qaror ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan qurilish mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha toʻliq sinovlarni bajarish uchun ham muayyan ishlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida xalqaro standartlar, talab va meʼyorlariga muvofiq mahsulotlar sinovlarini toʻliq amalga oshiradigan zamonaviy sinov va nazorat laboratoriyalaridan iborat “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil etish boʻyicha, Olmazor tumanida 2 gektar maydonda qurilish ishlarini amalga oshirish yuzasidan loyiha-pudratchi tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilyapti. Bular, oʻz navbatida, qurilishning sifatli boʻlishiga xizmat qiladi, albatta. Chunki sifatli qurilish, sifatli mahsulotga bogʻliq-da.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring