Qurilish sohasidagi mavjud muammolar qachon bartaraf etiladi?
Andijon shahrida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov tomonidan fuqarolar qabuli boʻlib oʻtdi. Unda hududda amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga doir muammolarga yechim izlandi.
— Shahrixon tumani Andijon viloyatidagi aholisi eng zich joylashgan manzil hisoblanadi, — deydi xalq deputatlari tuman Kengashining deputati Qahramonjon Sarimsoqov. — Shu bois aholini turar-joy bilan taʼminlash masalasi koʻp qavatli uylarni barpo etish orqali amalga oshirilmoqda. Joriy yilda ham 10 ta shu toifadagi uylarni qurish rejalashtirilgan boʻlib, shundan beshtasida bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Qolaversa, tumanning oʻzida sobiq ittifoq davrida qad rostlagan oʻnlab koʻp qavatli turar-joylar mavjud. Biroq, shu paytgacha kanalizatsiya tizimining mavjud emasligi katta muammolarga sabab boʻlyapti. 2016-yilda ushbu maqsaddagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish uchun 24 mln. dollarlik loyiha ishlab chiqilgan. Biroq, shu paytgacha uning ijrosi taʼminlanmayapti.

Qabulda ishtirok etgan Andijon shahar arxitektori Shohboz Abdullajonov dolzarb mavzuni ilgari surdi:
— Shaharsozlik amaliyotida bosh rejaning ahamiyati juda katta, — deydi u vazir oʻrinbosariga yuzlanar ekan. — Unda Andijon shahrida 9 qavatdan yuqori boʻlgan turar-joy binolarini barpo etish koʻzda tutilmagan. Shunday boʻlishiga qaramay, 16 qavatdan iborat boʻlgan uylar bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Koʻpriksozlikda ham shu kabi holatlar uchrab turibdi.
Qabul davomida, shuningdek, qurilish loyihalarini tasdiqlash, moliyaviy taʼminotni yoʻlga qoʻyish, hujjatlarni yuritishda uchrayotgan muammolar yuzasidan murojaatlar boʻldi. Vazir oʻrinbosari ularning aksariyatiga joyida yechim topgan boʻlsa, ayrimlari yuzasidan manzilga borib, oʻrganish ishlarini amalga oshirdi. Muhimi, koʻplab savollar oʻz yechimini topdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring