Qurilish normalari bugungi talabga javob beradimi?

15:30 23 Iyul 2020 Siyosat
1162 0

Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament nazoratini samarali amalga oshirish, ayniqsa, joylarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni mutasaddi rahbarlar oldiga qoʻyishda “Hukumat soati” institutidan keng foydalanib kelinmoqda.

Deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvoli yuzasidan olib borgan oʻrganishlari hamda fuqarolardan tushayotgan murojaatlardan kelib chiqib, siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraksiyalari takliflariga koʻra, “Hukumat soati”ga kiritilgan savollarga vazirlar, davlat qoʻmitalari rahbarlari javob berib kelmoqdalar.

2020-yil 22-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da “Amaldagi qurilish normalarini qayta koʻrib chiqqan holda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, obyektlarni loyihalash, qurish, ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha xalqaro standartlar va ilgʻor amaliyotni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan xalq vakillari savollariga Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri javob berdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston ulkan qurilish maydoniga aylandi. Ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar qatorida aholini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida koʻplab turarjoylar barpo etilmoqda. Bu jarayonda, albatta, binolarni loyihalash, ularning xavfsizligi masalalari har qachongidan ham dolzarb boʻlib turibdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasiga doir 337 ta qurilish meʼyorlari amal qilib kelmoqda. Ushbu meʼyorlar har besh yilda bir marta qayta koʻrib chiqilishi va takomillashtirilishi lozim. Buning uchun yiliga 60-70 ta qurilish meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish talab etiladi. Ammo keyingi 20 yil boʻyicha olib borilgan tahlillar mazkur normativlarni yangilash oʻrtacha koʻrsatkichi 10 foizga ham taʼminlanmaganini koʻrsatdi. Rivojlangan davlatlarda esa, mazkur amaliyot 3 yilda bir marta oʻtkaziladi.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi zamonaviy qurilish loyihalarning amalga oshirilishida baland binolar qurilishi bilan bogʻliq yuzaga kelgan muammolar milliy normalarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirishga ehtiyoj borligini koʻrsatdi.

Mazkur masalaga davlat darajasida eʼtibor qaratilib, 2020-yil 13-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingani qurilish sohasida islohotlarni yana-da chuqurlashtirish bilan bir qatorda, shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, tizimda byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, qurilishning barcha bosqichlarida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

“Hukumat soati”da bu borada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, sohadagi ayrim kamchiliklar, mavjud muammo va yechilishi lozim boʻlgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, deputatlar qurilish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, tarmoqqa yetuk professional kadrlarni jalb etish borasidagi ishlar ahvoli bilan qiziqdilar. Shuningdek, xalq vakillari buyurtmachi, loyihachi, pudratchi tashkilotlarning qurilish sifati va jarayonini nazorat qiluvchi idoralar faoliyatini takomillashtirish, qurilish sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish bilan bogʻliq muammoli holatlar yuzasidan bir qator savollar bilan murojaat qildilar.

Qurilish vaziri ushbu savollarga javob berar ekan, bugungi kunda qurilish sohasining aksariyat mutaxassislarida normativlar boʻyicha yetarli bilim va malaka yetishmasligi ham muammolarni keltirib chiqarayotganini qayd etdi. Xalqaro standart va ilgʻor amaliyotni joriy etishga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida arxitektura va qurilish yoʻnalishidagi magistrantlar, doktorantlarning dissertatsiya mavzularini meʼyoriy hujjatlar yaratishda muammo boʻlayotgan ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha shakllantirish, qurilish vazirligi tasarrufidagi malaka oshirish markazlarining oʻquv dasturlariga xalqaro standartlar boʻyicha tegishli oʻzgartirishlar kiritish rejalashtirilganini taʼkidlab oʻtdi.

Deputatlar tomonidan koʻtarilgan masalalarni bartaraf etish yuzasidan Qurilish vazirligining aniq yondashuvi hamda istiqboldagi rejalari mufassal bayon etildi.

Jonli bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng deputatlar tomonidan tadbirda koʻtarilgan masalalar boʻyicha vazirlikning faoliyatini bugungi kun mezonlaridan kelib chiqqan holda yana-da takomillashtirishga, mamlakatning qurilish sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер