Quyi chuqurakliklarning yana bir tashvishi yengillashdi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bundan sal muddat avval Shofirkon tumanidagi Quyi Chuqurak mahallasi ijtimoiy ahvoli ogʻir maskan sifatida tanlab olingan. Bu chekka goʻshada yoʻllar ravon qilinib, elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti borasidagi masalalarga yechim topilgandi. Shu jarayonda oilaviy shifokorlik punkti ochildi. Mahallaning binosi yangilandi. Ayollar salomatlik markazi, bolalar sport maydonchalari qurildi. Koʻchalar obod etildi. Bularning bari mahallaga oʻzgacha koʻrk bagʻishlamoqda.
“Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari asosida amalga oshirilgan bu xayrli yumushlar shu bilan yakun topib qolmadi. Yaqinda salkam 200 oʻringa moʻljallangan 46 – sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining zamonaviy binosi bolajonlarni oʻz bagʻriga oldi.

— Bundan mahallamiz aholisi benihoya xursand, — deydi mehnat faxriysi Boymurod Baqoyev. — Negaki, hududimizda faoliyat koʻrsatayotgan oilaviy bogʻchalarning qamrov imkoniyati cheklangan. Shu sababli 3 – 6 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim maskanlariga jalb qilishda qiyinchiliklar uchrayotgandi. 2 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan yangi maskan tufayli ana shu tashvishimiz yengillashdi.
Aytish oʻrinliki, yurtimizning barcha goʻshalarida boʻlgani kabi Shofirkonda ham jajji bolajonlarning maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya olishi masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu oʻz samarasini berayapti. Agar bundan besh yil muqaddam tumanda 32 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ular soni 44 tani, oilaviy nodavlat MTT lar soni 218 tani, davlat xususiy sherikligidagi muassasalar esa 12 tani tashkil etyapti. Bu boradagi saʼy-harakatlar bolajonlarni shunday tashkilotlarga qamrab olish darajasini besh yil avvalgi 18 foizdan 87 foizga yetkazish imkonini berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring