Quduqlarni burgʻilash samaradorligini oshirishda xorij tajribasi qoʻllaniladi
Rossiya energetika haftaligi doirasida “Gazprom neft” va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida tegishli shartnoma imzolandi. Unga koʻra “Gazpromneft” Oʻzbekiston konlarida quduqlarni burgʻilash jarayonlarini optimallashtirishga koʻmaklashadi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ konlarida quduqlarni qurish va ulardan foydalanish uchun “Gazpromneft – Noyabrskneftgaz” loyihaning operatori sifatida muhandislik yondashuvlari va yechimlarini ishlab chiqadi.
U burgʻilash nazorati, burgʻilash uskunalari auditi, quduq dizaynini oʻzgartirish boʻyicha tavsiyalar va burgʻilash suyuqligining optimal formulasini tanlashni oʻz ichiga oladi. “Gazpromneft” kompaniyasining ilgʻor texnologiyalari va tajribasi “Oʻzbekneftgaz”ga quduqlarni qurish vaqtini 20 foizdan koʻproq muddatga qisqartirishga yordam beradi.
“Noyabrskneftgaz” mutaxassislaridan iborat guruhlar quduq unumdorligini maksimal darajada tiklash borasida oʻzlashtirishning kech bosqichidagi konlarni ishlatish uchun zarur texnologik malakalarga ega.
Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJda burgʻilashni boshqarish markazini tashkil etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqilmoqda. Bunda “Gazpromneft” dasturiy taʼminoti va uning quduqlarni qurish borasidagi ilgʻor tajribasidan ham foydalanish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, “Gazpromneft” 2012-yildan buyon uglevodorodlarni qazib olish va texnologik jarayonlar samaradorligini oshirish imkonini beruvchi burgʻilashni boshqarish markazlarini tashkil etish bilan shugʻullanadi.
Ayni paytda kompaniya tasarrufida burgʻilanishni tunu-kun nazorat qiladigan yuqori texnologiyali 10 ta quduq qurilishini boshqarish markazi mavjud. Ularning ulushi jami 87 foizni tashkil etadi. Xorijiy kompaniya bilan hamkorlik Jamiyatning innovatsion faoliyatini faollashtiradigan yangi texnologiyalar va yechimlarni yaratish imkonini beradi.
Vadim Yakovlev, “Gazpromneft” kompaniyasining geologiya va qazib chiqarish boʻyicha bosh direktori oʻrinbosari:
– Oʻzlashtirilishi qiyin boʻlgan zaxiralar va murakkab quduqlar bilan ishlash boʻyicha tajribamiz noyob texnologik malakalarni rivojlantirish imkonini berdi. Bugungi kunda “GazpromNeft” kompaniyasi faoliyat yuritadigan hududlardagi konlarda quduqlar qurilishini masofadan boshqaradigan yuqori texnologiyali markazlar mavjud”.
Bahodir Sidiqov, “Oʻzbekneftgaz”AJ Boshqaruvi raisi:
– “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qazib chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Bu sohada ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash — qazib chiqarish jarayonlarini rejalashtirish, muvofiqlashtirish va optimallashtirish imkonini beradi. Buning natijasida xatarlar kamayishi, jarayon nazorati va mehnat unumdorligi oshadi. Shu nuqtayi nazardan, “Gazpromneft” bilan hamkorlikda burgʻilashni boshqarish markazining tashkil etilishi quduqlarni burgʻilash bilan bogʻliq barcha jarayonlarni yanada samarali va uygʻun boshqarishni taʼminlaydi. Mutaxassislarimiz bir necha yillar davomida ana shunday markazni tashkil etish uchun xalqaro kompaniyalar tajribasini oʻrganishdi. Oʻrganishlar natijasida “Gazpromneft” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihani amalga oshirishga qaror qilindi.
Maʼlumot oʻrnida, “Gazpromneft-Noyabrskneftgaz” “Gazpromneft” kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Korxona Yamalo-Nenes va Xanti-Mansi avtonom hududidagi 37 ta konda neft va gaz qazib chiqarish bilan shugʻullanadi. Kompaniya sanoatga xos boʻlgan texnologiyalarni joriy etish tajribasiga ega. 2020-yildan buyon uzunligi 1 km ga yetadigan ikki gorizontal shaxtalarda bir vaqtning oʻzida qatlamlarni gidravlik yorish imkonini beruvchi murakkablik darajasi yuqori boʻlgan quduqlarni qurib kelmoqda. Kompaniya mutaxassislari bir vaqtning oʻzida 50 ga yaqin qazib olish va izlov-burgʻilash quduqlari qurilishi, burgʻilash, yotqizish, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari – quduq maydonchasini tayyorlashdan tortib ishga tushirishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni tunu-kun kuzatib boradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring