Qozogʻistonda Oʻzbekiston fuqarosini yashin urdi
Foto: “Ақ Жайық”
Qozogʻistonning Atirau viloyatida Oʻzbekiston fuqarosi yashin urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda mahalliy “Ақ Жайық” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Atirau viloyatining Qizilqoʻgʻin tumani Miyali qishlogʻida sodir boʻlgan.
“Usenova koʻchasida joylashgan egasiz uyga yashin urib, yongʻin sodir boʻlgan. Mahalliy yongʻin xavfsizligi boʻlimining 3 nafar xodimi bitta texnika yordamida alangani oʻchirgan”, deyiladi xabarda.
Nashr kecha, 26-iyun kuni eʼlon qilgan xabarda noqulay ob-havo tufayli yuzaga kelgan hodisa sabab hech kim qurbon boʻlmagani aytilgandi. Biroq manba bugun, 27-iyunda qurilishi tugallanmagan uyda yuz bergan yongʻin oqibatida 1989-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlganini maʼlum qildi.
Tekshiruv davomida u joriy yilning 28-may kuni “Beyneu” chegara posti orqali Qozogʻistonga kirib kelgani va Miyali qishlogʻida yashovchi fuqaroning uyida vaqtincha roʻyxatga olingani aniqlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring