Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi
Joriy yilning 9-aprel kuni Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning taklifiga binoan Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga amaliy tashrif bilan keldi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, delegatsiya aʼzolari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazilib, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha komissiyaning beshinchi yigʻilishi oʻtkazilishi nazarda tutilgan.
Tashrif davomida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Umumiy oʻtmishdan — mushtarak kelajak sari” mavzusidagi Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtadi. Unda buyuk mutafakkirlar, shoir va olimlar, faylasuflar merosini asrab-avaylash va targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Delegatsiya aʼzolari forum doirasida tashkil etilgan ilmiy, badiiy va ijodiy ishlar koʻrgazmasi, shuningdek, innovatsiyalar va texnologiyalar burchagi bilan tanishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring