Qoʻshrabot qirliklarida xalq sayli

17:33 17 Mart 2023 Jamiyat
955 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu kunlarda yaratish va yashnatish ruhi bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz milliy qadriyat va anʼanalarimizning oʻziga xos ifodasi boʻlgan Navroʻzi olamga oʻzgacha kayfiyat bilan peshvoz chiqib, bayramni munosib qarshi olishmoqda.

Qoʻshrabotliklar umrbokiy bayramimizni bu yil Bozorjoy mahallasi hududidagi Qirqovul qishlogʻi qir-adirlari bagʻrida «Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!» shiori ostida xalq sayli sifatida keng nishonlashdi.

Tabiat qoʻynida erta tongdan boshlangan bayram sayliga nafaqat Qoʻshrabot, balki qoʻshni tumanlardan ham yuzlab fuqarolar tashrif buyurdi. Adir bagʻri bahorni sogʻingan, koʻngillari ezgulikka, yaxshilikka esh boʻlgan kishilar bilan toʻlib-toshdi.

Tadbirda soʻz olganlar barchani bahor ayyomi bilan tabriklab, Navroʻz falsafasi, uning bugungi kundagi ahamiyati va mohiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, yurtimizning barcha joylarida boʻlgani kabi Qoʻshrabot tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Yangidan qurilib foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy soha obyektlari qishloqlar koʻrkiga-koʻrk qoʻshayotganini, ishga tushirilayotgan sanoat korxonalari esa aholi bandligini taʼminlash, tuman iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Eʼtiborlisi, oʻzining oʻlmas qadriyatlari bilan asrlar osha ezgulikka, yaxshilikka xizmat qilib kelayotgan Navroʻz umumxalq bayrami shu kuni mehr-muruvvat, saxovat ayyomi sifatida ham yana bir bor boʻy koʻrsatdi. Tuman xokimligi va xomiylar tashabbusi bilan kam taʼminlangan oilalar farzandlaridan 20 nafarining sunnat tuylari oʻtkazilib, har biriga alohida sovgʻalar ulashildi.

Qir qoʻynida tashkil etilgan xalq amaliy sanʼati va badiiy hunarmandchilik koʻrgazmalari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va mahallalar tomonidan tayyorlanib, dasturxonga tortiq etilgan bahorning tansiq taomlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Milliy kurash boʻyicha oʻtkazilgan musobaqa va uloq-koʻpkari Navroʻzi olam tantanalarining shukuhini yanada oshirdi. Kuragi yerga tegmagan polvonlarning gilamdagi oʻziga xos kurash usulini, mahoratini hamda ot ustida uloq emas, balki or talashayotgan chavondozlarning shijoatini keksayu yosh maroq bilan tomosha qilishdi.

— Bunaqa shiddatli koʻpkariga juda kamdan-kam guvoh boʻlganman, — deydi qoʻshrabotlik Tilov bobo Omonov. — Bundan hamma zavq olyapti. Mana, havo ham rohatijon, hamma qirda, xalqimiz tomoshalarni koʻrib, yaxshi kayfiyatda bayram qilishyapti. Niyatimiz shuki, Navroʻz yurtimizga qut-baraka olib kelsin.

Bayram tadbirida turli nominatsiyalar boʻyicha eʼlon qilingan tanlovlar gʻoliblari aniqlanib, ular tashkilotchilar tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Yosh isteʼdod gʻunchalari, folklor dastalari, badiiy xavaskorlik jamoalari va elimizning sevimli xonandalari tomonidan bahorni, tinchlikni, Vatanni ulugʻlab ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar esa bayram ishtirokchilariga bir olam quvonch ulashdi.

Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlarida Navroʻz xalq sayli sifatida keng nishonlanyapti.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер