Qo‘shma korxona boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ QK boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Hisobot-saylovda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Bahrom Quvvatov, mehnat huquqi inspektori Aslitdin Xasanbayev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov, tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Gulnora Ilmuradova, “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ QK boshqaruvi direktori Shuhrat Shamuratov, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Baxtiyar Alliyarov, shuningdek, korxonaning mas’ul xodimlari va sexlardan saylangan delegatlar ishtirok etdilar.
Konferensiya kun tartibiga ko‘ra, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi B. Alliyarovning o‘tgan 5-yil davomida olib borilgan faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi hisoboti va kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati yuzasidan taftish komissiyasining hisoboti eshitildi. Delegatlar tomonidan muhokama qilinib, faoliyatga “qoniqarli” baho berildi.
Shundan so‘ng vakolat muddatining tugashi munosabati bilan boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, uning tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi va uning raisi, shuningdek, yuqori kasaba uyushmasi organiga delegatlar saylandi.
Yashirin ovoz berish yo‘li bilan muqobillik asosida o‘tkazilgan saylovda ko‘pchilik ovoz bilan Baxtiyar Alliyarov Qo‘ng‘irotd soda zavodi” MCHJ QK kasaba uyushmasi qo‘mitasining raisi etib saylandi.
Konferensiya yakunida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi B. Quvvatov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Respublika kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120-yilligi bayramini munosib o‘tkazish maqsadida yil davomida korxona, tashkilot va muassasalarda rejalashtirilgan tadbirlar haqida ham ma’lumot yetkazdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring