Qorovulbozorda yuk mototsikllari ishlab chiqarilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro viloyatining chekka tumanlaridan sanalgan Qorovulbozorda faoliyat yuritayotgan “Vuxoro Real Moto” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ”Lochin” markali yuk mototsikllari, kvadratsikllar hamda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan motokultivatorlar ishlab chiqarilmoqda.
Bu texnika vositalari sifati, qolaversa, hamyonbopligi bilan fermerlar, dehqon xoʻjaliklari rahbarlari hamda yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan yurtdoshlarimizga maʼqul tushmoqda. 250 nafar kishi mehnat qilayotgan korxonada oyiga ikki mingtagacha ulov tayyorlanyapti. Uch gʻildirakli bu mototsikllar bir tonnagacha yukni tashish quvvatiga ega. Ular yonilgʻini nisbatan kam sarflaydi.
— Eʼtiborlisi, mahsulotlarimizga xorijda ham qiziqish bor, —deydi korxona direktori S. Sulaymonov. — Chunonchi, joriy yilning shu kuniga qadar Tojikiston Respublikasiga 1 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qildik. Buyurtmachilar ehtiyojini qondirish, bozordagi oʻrnimizni mustahkamlash niyatida biznes loyihamizning ikkinchi bosqichini ishga tushirish taraddudidamiz. Bu yana 250 ta ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Korxona jamoasi yaqin istiqbolda elektr toki vositasida harakatlanadigan transport vositalari ishlab chiqarish texnologiyasini oʻzlashtirishni maqsad qilgan. Bu borada xitoylik hamkorlar bilan dastlabki kelishuvga erishildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring