Qorovulbozorda ham banan yetishtirsa boʻladi
Qorovulbozor tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi salkam bir gektar yerda issiqxona barpo etib pomidordan moʻl hosil olib kelayotgan Nurulla Ashurov tabiiy iqlimi nechogʻli murakkab boʻlmasin Buxoroda banan yetishtirish mumkin, degan fikrda.
— Andijonga yoʻlim tushdiyu, Asakadagi tadbirkorlardan birining bananzori borligini eshitib qoldim, — deydi u. — Bordim.Koʻrdim.Menda ham qiziqish uygʻondi. Bananning yetti tup koʻchatini olib kelib issiqxonamning bir chetiga tajriba tariqasida oʻtqazdim. Bilasiz, bizning mahalliy iqlim sharoitida bananni parvarishlashning oʻzi boʻlmaydi. Issiqxonada namlik darajasi 60 foiz, harorat esa 17 gradus boʻlishi kerak.
Ishtiyoqda gap koʻp ekan. “Qorovulbozor Farrux” xususiy korxonasi rahbarining intilishi zoye ketmayapti. Dastlabki yilda bananning bir tupidan 22 kilogramm hosil olindi. Parvarishi risoladagidek olib borilsa, hosildorlikni deyarli ikki baravarga oshirish ham mumkin. Yana bir jihati ham borki, banan mavsumiy mahsulot emas. Uni bozor rastalarida qishin-yozin uchratasiz. Yurtimizga esa asosan xorijdan import qilinadi. Shuning hisobiga narxi ham baland. Binobarin, kichik boʻlsa-da oʻzimizda banan plantatsiyalari barpo etish foydadan xoli emas.
Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)
Hasan PAYDOYEV olgan surat
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring