Qoʻrgʻontepalik siam egizaklari
Uch yil oldingi xotira
Bundan uch yil muqaddam Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanidagi aqli zaif bolalar uyiga tashrif buyurdik. Shu kuni bolalar uyi tarbiyalanuvchilari hayoti bilan tanishdik, ularga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdik. Ruhiyatida zaiflik boʻlsa-da, hayot uchun kurashayotgan oʻgʻil-qizlardan vaqtning, imkoniyatning, salomatlikning, hayotning qadriga yetishni oʻrgandik. Shu kuni “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyati tomonidan ajratilgan avtomashinani bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga sovgʻa qildik. Ulardagi quvonch hali-hanuz koʻz oʻngimizda gavdalanadi.
Oradan yillar oʻtmoqda. Bu davr mobaynida xotiradagi ayrim boblar unutilar ekan. Biroq, bolalar uyidagi opa-singillar siymosi yodimizdan ketmaydi. Gap shundaki, Fotima va Zuhralar tanasi birlashgan holda dunyoga kelganlar. Bu toifa insonlar siam egizaklar deyiladi. Ular hozir salkam 7 yoshdalar. Tanasi birlashgan holda dunyoga kelganligini koʻrgan ona tugʻruqxonadayoq voz kechgan. Dastlab, poytaxtdagi maxsus shifoxonada koʻrikdan oʻtgan qizaloqlar doimiy yashash uchun Qoʻrgʻontepadagi bolalar uyiga olib kelingan.
Siam egizaklari aslida kim?
Maʼlumotlarda bayon etilishicha, tanasi bir-biridan ajralmagan, yaʼni tanasining maʼlum bir qismi birlashgan holda tugʻilgan egizaklar siam egizaklar, deb ataladi. Ularning nafaqat, tanasi, balki ichki organlari ham birlashgan boʻlishi mumkin. Tanasigina birlashgan egizaklarni vaqti kelib jarrohlik yoʻlida bilan bir-biridan ayirish mumkin, biroq bitta ichki aʼzolarga ega boʻlgan egizaklarni tanasidan ajratishning imkoni yoʻq.

Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ularning aksariyati oʻlik holatda dunyoga keladilar. Tirik tugʻilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha boʻlgan qismi uzoq umr koʻrish baxtidan benasib boʻladilar. Egizaklarning 70 — 75 foizi qizlar ekanligi ham kishini ajablantiradi. Demak, siam egizaklari orasida oʻgʻil bolalarni kamdan-kam hollardagina uchratish mumkin.
Tarix sahifalaridan maʼlumki, bu toifa insonlar ham turmush qurishgan va sogʻlom farzandlarni dunyoga keltirishgan. Biroq ularning hayotida salbiy jihatlar ham yoʻq emas. Masalan, siam egizaklardan biri olamdan oʻtsa maʼlum soatlardan soʻng ikkinchisi ham hayot bilan vidolashadi. Bunga ularning qon aylanish sistemasi bir ekanligidir.
Fotima va Zuhrani murakkab jarrohlik amaliyoti kutmoqda
Qoʻrgʻontepalik siam egizaklari haqida bolalar uyi direktori Xurshidaxon Xalilova shunday hikoya qiladi:
— Qizaloqlar nihoyatda zehnli. Tengdoshlari kabi fikrlashadi, haraktalanishadi, oʻzlarini boshqalardan ajratib olishmaydi. Oʻrtoqlari bilan tez kirishib ketadilar. Ularning tanasi birlashgani bilan ichki aʼzolari alohida. Faqat, bitta muammo bor — u ham boʻlsa jinsiy aʼzolarining bittaligidir. Biroq bu ikkalasini bir-biridan ajratish uchun toʻsqinlik qila olmas ekan.

Har bir inson umri davomida oʻzi orzu qilgan hayotda yashashni istaydi. Buning uchun unda imkoniyat bor. Harakat qilsa, intilsa, koʻzlagan maqsadiga yetishishi muqarrar. Ammo bir tanada yashovchi ikki kishining orzu-istaklari har doim ham bir-biriga mos tushmasligi mumkin. Demak, qaysidir maʼnoda ular bir-birlarining hayotini yashashga majburlar. Qoʻrgʻontepalik Fotima va Zuhralarni ham kelgusida murakkab jarrohlik amaliyoti kutmoqda. Ular bu jarayonni matonat bilan yengib oʻtadilar va oʻz hayotlarini yashashda davom etadilar, degan umiddamiz.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring