Qoʻrgʻontepa — yangi oʻzgarishlar ostonasida
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani ham bugun tom maʼnoda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Tumanning qay bir manziliga bormang, avj pallaga kirgan qurilish ishlari ustidan chiqasiz. Chang va loy koʻchalar kengayib, beton qoplama bilan soz holga keltirilayotgan boʻlsa, eski, koʻrimsiz bino-inshootlar oʻrnida yangilari, zamonaviylari qad rostlamoqda.

Qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan “Yangi hayot” mahallasida shu paytga qadar nomiga nomutanosib boʻlgan, sobiq Ittifoq davridan qolgan manzaralar endilikda tobora tumanday tarqab boryapti. Bu yerdagi mavjud koʻp qavatli uylar shunchaki taʼmirlanib qolmay, ularda aholi ehtiyoji uchun muhim sanalgan sharoitlar qayta tiklanyapti. Jumladan, toza ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tizimlari butkul yangilanyapti. Aholining dam olishi va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida qulay sharoitlar yaratilmoqda. Eni 12 metr, uzunligi 1 kilometrdan iborat ichki yoʻl taʼmirlanib, piyodalar uchun yoʻlakchalar barpo etilyapti. Gulzorlar tashkil etishda esa sugʻorish tizimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
— Mahallamizning nomi “Yangi hayot” boʻlgani bilan uzoq yillar eskicha turmush kechirdik, — deydi shu mahallada yashovchi Akbarjon Eraliyev. — Hudud koʻp qavatli uylardan iborat boʻlgani bois koʻpchilik birlashib oʻzimiz uchun oʻzimiz sharoit yaratishga harakat qilib keldik. Biroq bu mavjud muammolarni ijobiy xal qilishda yordam bermadi. 2021-yilda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov mahallamizda boʻlib, biz bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Shu kundan boshlab obodonlashtirish va qayta qurish ishlari boshlab yuborildi. Qisqa vaqtda hayotimizda katta oʻzgarishlar yuz berdi.
Qoʻrgʻontepa tumanida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qator istiqbolli loyihalarning roʻyobga chiqarilayotgani esa bandlik darajasini oshirib, kambagʻallikni qisqartirishda hal qiluvchi oʻrin tutmoqda. Chunonchi, tumandagi “Khantex Oil” zamonaviy yogʻ-ekstraksiya zavodida amalga oshirilayotgan 22 mln. dollarlik loyiha yangi ish oʻrinlari yaratish bilan birga ichki bozorning xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlanishiga ham sabab boʻladi. Bu yerda loyiha foydalanishga topshirilgach, chigit, kungaboqar va soya yogʻi ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi. Italiya, Bolgariya, Turkiya va Rossiyaning eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalari bilan jihozlanadigan korxonada bir yilda 72 ming tonna yogʻ ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa 500 ming nafar qurgʻontepaliklarni doimiy ish joyi bilan taʼminlash imkonini beradi.
Qoʻrgʻontepa tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam taʼminlangan oilalarni daromadga yoʻnaltirish, qoʻshimcha mablagʻ ishlab topishlari uchun koʻmaklashish borasida ham ibratli ishlarga qoʻl urilmoqda. 3300 nafar aholi istiqomat qiladigan “Uchqun” mahallasida tajriba asosida barpo etilgan 2 kilometr uzunlikdagi koʻcha soʻritoklari ana shu maqsadga yoʻnaltirilgan.
— Mahallamizda har bir xonadonda uzum parvarishlanadi, — deydi uchqunlik Soliyaxon Xudoynazarova. — Oʻzimizdan ortganini bozorga olib chiqamiz. Oʻtgan yili oʻzim 2 million soʻmlik hosil sotdim. Bu yil tuman hokimligi tashabbusi bilan koʻchamizning ikki chetiga soʻritoklar oʻrnatildi. Hisob-qilib koʻrsak, buning natijasida qoʻshimcha daromad topish imkoni yaratilibdi. Qolaversa, tomorqadan ham yaxshigina foyda koʻrsa boʻladi.
Tumanda, shuningdek, aholini uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim sohasini rivojlantirish, madaniy va maʼrifiy ishlarni jonlantirish borasidagi amaliyotlar ham ibratga loyiq. Bunisi endi alohida mavzu!
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring