Qoraqalpogʻistonlik va surxondaryolik sanʼat vakillari Navoiyda boʻldi

17:40 19 May 2022 Jamiyat
796 0

Foto: Халқ сўзи

Davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevralda qabul qilingan “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida hududlardagi madaniyat muassasalari tomonidan oʻzaro hamkorlik tamoyili asosida boshqa hududlarga gastrol safarlarini uyushtirish, “Madaniyat kunlari” tadbirlarini tashkil etish vazifalari belgilangan.

Shunga koʻra Surxondaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatri jamoasi Navoiy viloyatida gastrol safarida boʻlib, Navoiy shahridagi umumtaʼlim maktablarida ertak tomoshalarini namoyish etdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Navoiy shahrida ham bolajonlar uchun muhtasham qoʻgʻirchoq teatri barpo etilmoqda. Mazkur muassasa joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan shahar madaniyat markazida “Ovunchoq qoʻgʻirchoq” havaskorlik qoʻgʻirchoq teatr toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, qoʻgʻirchoq teatri ishga tushirilguniga qadar oʻz repertuarini jamoa ushbu maskanda kengaytirib bormoqda. Surxondaryolik hamkasblar gastroli esa ular uchun oʻziga xos mahorat saboqlari boʻlsa, ajab emas.

Shuningdek, yuqoridagi qaror ijrosi doirasida Konimex tumanidagi markaziy oʻyingohda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat filarmoniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimining “Qoraqalpoq navolari” deb nomlangan konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Sahnada yangragan qoraqalpoq kuy va qoʻshiqlari, ijro etilgan shoʻx raqslar konimexliklarga yuqori kayfiyat bagʻishladi.

Konsert dasturi rang-barang mushakbozlik bilan oʻz yakuniga yetdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер