Qoraqalpogʻistonda turli millat vakillaridan iborat oilalar safi kengayib bormoqda

17:03 31 Iyul 2023 Jamiyat
557 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2 million aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ular orasida 80 dan ortiq millat va elat vakillari bor. Barcha millat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq bir oila farzandlaridek, umrguzaronlik qilayotir.

Yurtimizda Oʻzbekiston-umumiy uyimiz”, “Oʻzbekiston — bagʻrikeng oʻlka” kabi shiorlar ostida koʻplab maʼdaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz hududlarida barcha millat va elat vakillariga yaratib berilayotgan imkoniyatlar bilan birga Qoraqalpogʻistonning har bir hududini obod qilishga, qoraqalpoq xalqining ertangi kuni yanada farovon boʻlishi yoʻlida qilinayotgan bunyodkorlik ishlarini alohida eʼtirof etgim keladi. Bunga barcha hudud va sohalardan misol keltirish mumkin. Masalan, hozirgi kunda Qoraqalpogʻistonning deyarli barcha tumanlarida “Nuroniylar maskani” barpo etildi.

Keyingi yillarda mahalla va nuroniylar bilan ishlash barobarida jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarini asrab-avaylash maqsadida mahallalarda “Keksalar maslahati”, “Nuroniylar jamoatchilik kengashi”, “Ota-onalar universiteti”, “Ayollar maslahat kengashi” kabi guruhlarni tashkil etish va ularning samarali ishlashiga bosh-qosh boʻlib kelyapman.

“Har bir nuroniy — oʻn nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida mahallalardan 10 nafardan tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj uyushmagan ishsiz yoshlarni bir nafar nuroniyga biriktirdik.

Kuni kecha Beruniy tumanida 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tanlovining tuman bosqichi yakuniga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Nuroniylarimizning yoshlar tarbiyasiga masʼulligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda faol ishtirok qilayotgan keksalarni ragʻbatlantirib bormoqdamiz.

Mehnat bilan birga ijod ham qilib kelaman. 1984-yil
“Turmush tashvishlari” nomli ilk toʻplamim kitob shaklida nashr qilingan boʻlsa, 2015-yili “Saylanma”, 2022-yili “Bir kelib ketgil” nomli sheʼriy kitobim chop qilindi.

Salkam yarim asrlik mehnat faoliyatimdagi tajribamdan kelib chiqib, bugungi kunda yoshlarimizga millatlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodorlik haqidagi oʻgitlarimizni berib kelmoqdaman. Oʻtgan yillardagi mehnatlarimiz samarasini hukumatimiz tomonidan berilgan ragʻbatlarda koʻraman. Bir necha marotaba Qoraqalpogʻistan Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan “Faxriy yorliq”, 1990-yil “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” sharafli unvoni berildi. Shuningdek, bir necha koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan boʻlsam, 2021-yili Mustaqillik bayrami arafasida “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandim.

Darvoqea, Qoraqalpogʻistonda bir oilada bir necha millat vakillari yashaydigan xonadonlar juda koʻp. Masalan, mening oʻzim qoraqalpoq boʻlsam, bitta kelinim qozoq millatiga mansub, qizlarim ham qozoq va boshqa millat vakillariga turmushga chiqqan. Xullas, bizning oilamiz kabi qoraqalpoq, oʻzbek, turkman, qozoq, rus va boshqa millat vakillaridan iborat xalqlar doʻstligi oilalari Qoraqalpogʻistonda koʻpchilikni tashkil etadi.

Oʻzbek, qoraqalpoq — et bilan tirnoq, degan juda chiroyli qiyosda hayot haqiqati mujassam. Bu ikki qon-qardosh xalqning oʻzaro yaqinligi tarixdan maʼlum. Shu bois diyorimizda koʻp yillik tajribam va bilimlarimdan kelib chiqib, qoraqalpoq va oʻzbek xalqining doʻst-birodarligi, hamjihatlikda yashab kelayotgani hamisha ikki xalq tomonidan faxr bilan eʼtirof etiladi.

Tursinbay ABDIJABBAROV,

“Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер