Qoraqalpog‘istonda soxta prokuror qamaldi

12:55 08 Iyun 2023 Jamiyat
595 0

Illyustrativ foto

Ilgari ham bir necha marotaba nomusga tegish, o‘g‘irlik kabi jinoyatlar uchun jazo muddatini o‘tagan shaxs yana jinoyat ko‘chasiga kirdi. Bu safar u davlat idorasining mansabdor kishisi, ya’ni Qo‘ng‘irot tumani Transport prokurori lavozimida ishlagan Bakir ismli shaxs niqobi ostida o‘zini tanishtirib, oson boylik orttirish payiga tushdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, soxta prokuror o‘zining bolalikdagi tanishi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Miskin” bekati yonilg‘i ombor xo‘jaligi Qo‘ng‘irot yonilg‘i omborxonasi mudiri bo‘lib ishlayotgan Alishni "o‘lja" sifatida tanlab olgan.  

Bir kuni u Alishning telefoniga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Bakir, Qo‘ng‘irot tumani Transport prokurori sifatida tanishtirib, bugun mehmonlari borligini, ularga ziyofat berishi uchun plastik raqamiga 1 mln 200 ming so‘mni tashlab berishini so‘ragan. Sodda Alish uning buyrug‘ini rad etmaydi. Ish oson ko‘chganidan xursand bo‘lgan Bakir ana shunday rejalarni tuza boshlaydi. Alish o‘z amalidan ayrilib qolmaslik uchun Bakirning kunora qilgan qo‘ng‘iroqlariga javob berib, u so‘ragan pullarni yetkazib berish harakatiga tushdi. Bir kuni tutingan otasining avtomashinasiga yangi ballonlar olib berish uchun 2 mln 200 ming so‘m olgan bo‘lsa, so‘ng Bakir avtomashinani ta’mirlash uchun 7 mln so‘m zarurligini aytadi.

Alish Bakirning bu kabi qing‘ir ishlaridan shubhaga tushadi va transport prokuraturasida Bakir ismli inson borligini aniqlash harakatiga tushadi. Haqiqatda sobiq prokuror Bakirni topib, unga bo‘lgan voqealarni so‘zlab beradi. Shundan so‘ng soxta Bakirning qilmishlarini fosh etish maqsadida tezkor tadbir o‘tkaziladi. Oqibatda Bakir o‘zining keyingi topshirig‘i bo‘yicha Alishdan so‘ragan 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Mazkur ish sudda ko‘rilib, soxta Bakir aslida Alishning bolalikdagi tanishi ekanligi aniqlanib, uning jinoyati dalillar bilan isbotini topdi.

Sud hukmi bilan unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan hamda shu kodeksning 57-moddasi qo‘llanilib, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер