Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan voqealar AQSH bilan keng qamrovli munosabatlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi — Javlon Vahobov
Foto: “Amerika Ovozi” AA
“Amerika Ovozi” axborot agentligining rasmiy sahifasi hamda uning “YouTube”dagi kanalida mamlakatimizning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobovning intervyusi asosida tayyorlangan maxsus videolavha berildi. Unda Toshkent — Vashington strategik sherikchiligi, Amerika davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik, Kongress bilan aloqalar, vatandoshlarimizning ikki tomonlama hamkorlikka qoʻshayotgan hissalari va bir qator boshqa masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekistonning Vashingtondagi vakolatxonasi maʼlumotlariga koʻra, suhbat avvalida elchimiz Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan soʻnggi voqealar AQSH bilan keng qamrovli munosabatlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatmasligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning fikriga koʻra, Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida shaffof, mustaqil va xolis tergov oʻtkazishga intilishi AQSHdagi hamkorlarimiz tomonidan faqat qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shuningdek amerikalik hamkasblar bilan davom etib kelayotgan samimiy va ochiq muloqotlarimiz hamda AQSH Davlat departamentining bu masalaga oid rasmiy bayonoti ham Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari mustahkamligicha qolayotganidan darak beradi. Xususan, Davlat departamenti oʻz bayonotida Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlashi va yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarida yordam berishga doim tayyorligini aytib oʻtdi.
Intervyu davomida, elchi AQSH Kongressi aʼzolari ham ishonch bilan Oʻzbekiston bu ogʻir vaziyatdan albatta chiqib ketadi, deb taʼkidlashayotganini aytib oʻtdi. Hozirda Amerika qonun chiqaruvchi organi vakillari 17 nafar kongressmen aʼzo boʻlgan AQSH Kongressidagi «Oʻzbekiston boʻyicha kokus»ning muhim ahamiyatiga urgʻu bergan holda, ushbu doʻstlik guruhi koronavirus pandemiyasi davrida barcha kokuslar ichida yagona kengaygan guruh hisoblanishini qayd etishmoqda.
Javlon Vahobov Oʻzbekistonning tergovga xolis taraflar, yaʼni jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar jalb etishga boʻlgan intilishini AQSHda joylashgan bir qator huquqni himoyalovchi nodavlat tashkilotlar tomonidan ham koʻllab-quvvatlanmoqda deydi. Xususan, elchixona tomonidan “Human Rights Watch”, “Freedom House”, “Amnesty International” va “Freedom now” kabi tashkilotlarning vakillari bilan uchrashuvlar davomida ular bu masalada olib borilayotgan ochiq muloqotni faqat olqishlashmoqda.
Oʻzbekiston elchisining fikricha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik va oshkoralik siyosati va keng koʻlamli ichki islohotlar bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlarimizda misli koʻrilmagan strategik sherikchilik darajasiga olib chiqishga asos boʻlib xizmat qildi va xizmat qilmoqda.
Bolalar va majburiy mehnat, diniy erkinliklarni taʼminlash, odam savdosi, korrupsiya va boshqa yoʻnalishlarda olib borilgan keng qamrovli ishlar AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi, Savdo vakili ofislarining yillik hisobotlarida oʻzining ijobiy aksini topdi va aloqalarimizning kengayishiga sabab boʻldi. Misol uchun: 12 yil davomida Oʻzbekiston paxtasiga qarshi kiritilgan baykot bekor qilindi.
Elchimizning fikriga koʻra, Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning keyingi bosqichlari iqtisodiy diplomatiyani komponentlari bilan, jumladan, savdo aylanmasini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, Oʻzbekiston sanoati uchun ilgʻor texnologiyalarni olib kirish, kadrlar potensialini oshirish uchun bilim va tajriba almashishni kengaytirish bilan uzviy bogʻliqdir. “Iqtisodiy diplomatiyaning muhimligi shundaki, mustahkam iqtisodiyot bor joyda xalq farovonligi va tinchligi taʼminlanadi”, deydi J. Vahobov.
Intervyuda Elchixona rahbari vatandoshlarimizning ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishda alohida oʻrin tutishiga ham toʻxtalib oʻtdi. Xususan, pandemiya paytida vatandoshlarimiz jipslashib maʼlum bir mablagʻ jamlab, ularga tegishli tibbiyot anjomlari va kerakli mahsulotlar sotib olindi va ular manzilli ravishda mamlakatimizning uzoq qishloqlariga yetkazib berildi. Shuningdek, vatandoshlarimiz taʼlim, savdo-iqtisodiyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga ham katta hissa qoʻshib kelishmoqda. Ular Elchixona vakillari, haqiqiy xalq diplomatlari sifatida Oʻzbekistonga boʻlgan munosabatni yaxshilashga urinib, oʻz hissalarini qoʻshib kelishmoqda, deb taʼkidlaydi Oʻzbekiston elchisi.
Umuman olganda Oʻzbekiston — AQSH strategik sheriklik muloqoti, AQSH Kongressi Vakillar palatasida «Oʻzbekiston boʻyicha kokus», Amerika — Oʻzbekiston Savdo palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va AQSH savdo vazirligi oʻrtasidagi muntazam maslahatlashuvlar mexanizmi, AQSH mintaqalari bilan sheriklik dasturi doirasidagi harbiy idoralar oʻrtasidagi hamkorlik, hamda akademik va qardosh shaharlar aloqalarining institutsionallashgani ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning davomiyligini taʼminlashga xizmat qiladi, deydi Javlon Vahobov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring