Qoraqalpogʻistonda xonadonlarga oʻrnatilgan quyosh panelidan ilk bor energiya sotish yoʻlga qoʻyildi
Foto: Xalq so‘zi
Prezidentimiz shu yilning 10-iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini taʼkidlab, har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna koʻrsatishi, oʻz uyida, ishxonasida muqobil energiya uskunasini oʻrnatishi maqsadga muvofiqligini aytib oʻtgan edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida «Taxiatosh IES» rahbar xodimlari oʻzlarining yashash xonadonlariga 1 kVt va 3 kVt quvvatga ega quyosh panellari va sigʻimi 200 litr boʻlgan quyosh suv isitgichlarini oʻrnatishdi. Ushbu stansiya orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining xonadon ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotish nazarda tutilgan.
— Bugun Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik obyektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida shartnoma imzoladik, — deydi quyosh panelini oʻrnatgan xonadon egasi, «Taxiatosh IES» ishlab chiqarish texnik boʻlimi boshligʻi Yunus Bobojonov. — Ushbu stansiya orqali yiliga 8 mingdan 10 oʻn ming kVt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Soddaroq qilib aytganda, bir xonadon oyiga elektr energiyasi uchun oʻrtacha 400 ming soʻm mablagʻ sarflagan boʻlsa, ushbu quyosh panellarini oʻrnatgandan keyin 200-250 ming soʻm mablagʻ tejalishiga erishiladi.
Ayni kungacha «Taxiatosh IES»da ishlovchi 10 nafar rahbar xodim xonadonlariga quyosh panellari oʻrnatildi. Shu tariqa AJ tizimidagi korxonalar rahbarlari va masʼul mutaxassislari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini aholi oʻrtasida keng targʻib etishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.
Eʼtiborlisi, mazkur quyosh panellarini oʻrnatish hisobiga xonadonni muqobil energiya manbasi bilan taʼminlash bilan birga xonadon egalari bir qancha soliq preferensiyalariga ham ega boʻladi. Jumladan, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatgan jismoniy shaxslar 3 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod boʻladilar, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatganda fuqarolar uchun hech qanday qoʻshimcha soliq yoki toʻlovlar joriy etilmaydi, xarid qilingan xarajatlarining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 217-sonli qarorida koʻzda tutilgan kompensatsiya ajratiladi.
Gʻ. OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring