Qoraqalpogʻistonda brakonerlar “Qizil kitob”ga kiritilgan bugʻu va quyonlarni oʻldirdi
Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir tumanida 14 bosh bugʻu va quyonni oʻldirib, goʻshtini boʻlaklarga boʻlib kesib tashlagan brakonerlar qidirilmoqda. Bu haqda Ekologiya davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 12-dekabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir tumani hududiy ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Qoʻngʻirotkoʻl ovuli fuqarolar yigʻiniga tutashgan choʻl hududida 14 bosh bugʻuni otib, goʻshtini soʻygan brakonerlarni ushlash choralari koʻrilgan.
Inspektorlarning yaqinlashayotganini koʻrgan qurollangan ovchilar kiyik goʻshti, shuningdek, kiyim-kechak, oziq-ovqat, oʻq-dorilarni tashlab, nomaʼlum tomonga qochib ketishgan.
Ayni paytda huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda brakonerlarni qidirish choralari koʻrilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring