Qoraqalpogʻiston va Qashqadaryoda noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda qonunga xilof ravishda valyuta sotib olish va sotish holatlari fosh etildi.
Xususan, Nukus shahridagi tadbir chogʻida fuqaro N.S. fuqaro D.S.dan 3 700 AQSH dollarini 47,6 million soʻmga sotib olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va tergov harakatlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida Departament va Ichki ishlar boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro Q.Q. qoʻlga olindi. U fuqaro J.Oʻ.dan 3 300 AQSH dollarini 42,4 million soʻmga sotib olgan paytda ushlangan. Tadbir davomida 42,4 million soʻm, 100 AQSH dollari, pul sanash uskunasi va pulni tekshirish detektori ashyoviy dalil sifatida olingan.
Har ikki holat boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy valyuta ayirboshlash amaliyotlariga qarshi keskin chora koʻrishda davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring