Qoradaryo ustida 330 metrlik koʻprik qurilmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrini yangi qurilayotgan Shirin shaharchasi bilan bogʻlaydigan Qoradaryo ustidagi koʻprik qurilishi davom etmoqda. Jami uzunligi 330 metrni tashkil etuvchi mazkur obyektda ayni vaqtda oʻnlab maxsus texnikalarda ish olib borilmoqda.
— Hozirgacha 298 ta beton ustunlar 35 metr chuqurlikda oʻrnatib boʻlindi, — deydi qurilish ishlarini olib boruvchi “1-Mostotryad” MCHJ uchastka boshligʻi Yusuf Mamarahimov. — Daryoning oʻng qirgʻogʻida tuproq tashish, burgʻilash va beton quyish ishlari olib borilmoqda. 120 nafar quruvchi-muhandis va ishchilar mehnat qilayotgan koʻprik qurilishi 2022-yilda boshlangan boʻlib, hozirgacha 25 foiz ishlar bajarildi.

Mazkur ulkan inshoot daryodan 13,5 metr, M-39 avtomobil yoʻlining ustidan 12 metr balandlikdan oʻtib, Samarqand xalqaro aeroportiga olib boruvchi yoʻlga qoʻshiladi.
— Loyiha qiymati 260 milliard soʻmni tashkil etuvchi ushbu koʻprikda 4 ta asosiy yoʻllar quriladi, — deydi “Samarqand mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” Davlat muassasasi direktori oʻrinbosari Akbar Mirzayev. — 2026-yil yakunigacha foydalanishi koʻzda tutilgan koʻprikning qurilish ishlariga hozirgacha qariyb 35 milliard soʻm sarflandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring