“Qora bozor”dagi qoʻlbola dori vositalari savdosiga chek qoʻyilmoqda

09:57 29 Fevral 2020 Jamiyat
2487 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Bu hayotda inson uchun eng muhimi salomatlikdir. Shu bois ham respublikamizda dorixonalar faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Biroq, ushbu sohaning tijorat turiga aylanishi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish ham kunning dolzarb mavzusiga aylangan. Mutasaddilar bu boradagi muhim masalalar bilan band boʻlgan bir paytda joylarda dori-darmon bilan savdo qiluvchi “qora bozorlar”ning paydo boʻlishiga nima deysiz?
 


Ana shunday bozorlardan biri Andijon shahrining shundoqqina “Xolis” bozori oldida tashkil topgan. Mijozlar tili bilan aytganda, bu yerda dorixonalarda mavjud boʻlmagan xapdorilarni topish mumkin. Nega, deysizmi? Hamma gap shundaki, qoʻlda sotilayotgan dorilarning oʻzi ham aslida qoʻlbola usulda tayyorlangan boʻlib, inson salomatligi uchun zararli boʻlsa zararliki, aslo foydasi yoʻq. Ular orasida hatto kuchli taʼsir kuchiga ega boʻlganlari ham bor. Koshki edi, buni mijozlar tushunsa. Yaxshiyamki, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi bu kabi salbiy hodisalarga qarshi kurash boshladi. Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida bir kunning oʻzida 7 nafar fuqarodan 1542 dona dori vositalarining savdosiga chek qoʻyildi. Dorilar orasida ayniqsa, psixotrop, shuningdek, aqliy faoliyatga jiddiy zarar yetkazuvchi boshqa turdagi vositalarning ham mavjudligi achinarli, albatta.
 

“Aksariyat tanishlarim dori savdosi bilan shugʻullangani uchun men ham qiziqib ular safidan joy oldim. Biror joyda ishlamaganim uchun shu orqali tirikchilik qilishni ixtiyor etgandim. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining tushuntirishlaridan keyin bildimki, bu qonunga xilof ekan”,-deydi M.X. (surishtiruv-tergov ishlari olib borilayotgani sababli ism-shariflar sir tutilmoqda).

Andijon shahrining markaziy koʻchalaridagi mavjud oʻnta binodan 9 tasida dorixonalar faoliyat yuritayotgan, ularda aholi sonidan yuz barobar ortiq miqdorda dori vositalari sotilayotgan bir paytda sodda va ishonuvchan fuqarolarning “qora bozor”dagi qoʻlbola dorilarga “ishqi tushib qolganini” sira oqlab boʻlmaydi. Inson salomatligi uchun eng avvalo, oʻzi javobgar. Shunday ekan, dori vositalarini qay tartibda va qayerdan sotib olishni ham bilishimiz darkor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер