Qoʻqon shahrida yangi maktab binosiga tamal toshi qoʻyildi
Foto: Xalq soʻzi
Qoʻqon shahrining “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida zamonaviy taʼlim muassasasi qurilishiga kirishildi.
Umumiy qiymati 8,7 milliard soʻm boʻlgan loyiha doirasida yangi maktab uchun 330 oʻrinli oʻquv binolari, sport inshootlari, futbol va voleybol maydonchalari barpo etish koʻzda tutilgan.
Mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov maktab poydevoriga ilk gʻishtlarni qoʻydi. Shu tariqa “Mashʼal” qurilish korxonasi tomonidan ezgu maqsad ijobati uchun 50 nafar quruvchi va 15 ta maxsus texnika jalb jalb etilib, qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Maktabni 2024-yilning Navroʻz bayramiga foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
— Bu mahalladoshlarimizning koʻp yillik orzusi edi, — deydi “Nurafshon” MFY raisi Gulnora Shermatova. — Chunki hududda yosh oilalar koʻpchilikni tashkil qiladi. Tabiiyki, ota-ona oʻz farzandini yashash manziliga yaqin va barcha barcha sharoitlarga ega bilim dargohida oʻqishini orzu qiladi. Bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi va gʻamxoʻrligi bilan kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiyasi uchun koʻrsatilayotgan eʼtibordan behad mamnunmiz.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring